O‘zXDP: Samarali ijtimoiy siyosat orqali ijtimoiy davlatga

Samarqand shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida Xalq demokratik partiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan saylovoldi tashviqotiga bag‘ishlangan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nuriddin Ismoilov va partiyaning boshqa rahbar xodimlari,  ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar saylovchilarga partiyaning Saylovoldi dasturi hamda deputatlikka nomzodlarning dasturidan o‘rin olgan taklif va tashabbuslar mazmunini tushuntirib berdi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi partiyaning maqsadi va uning elektorati manfaatlaridan kelib chiqib taklif etilayotganligi ta’kidlandi. Bu orqali partiya davlat aholi manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida kuchli ijtimoiy siyosat yuritilishi lozim, degan pozitsiyasida sodiq qolgani alohida qayd etildi.

— Ijtimoiy tenglik bo‘lgan joyda barqarorlik, rivojlanish bo‘ladi, - deydi Ulug‘bek Inoyatov. – Bugungi natijalarga erishish oson bo‘lgani yo‘q. 20 yil, 10 yil oldin qanday yashaganmiz, bugun qanday yashayapmiz, barcha buni qiyoslashi va hozirgi imkoniyatlarini qadrlashi kerak. Shu bilan birga, kelajagimiz uchun ham qayg‘urishimiz lozim. Yaqinlashib kelayotgan saylovlarda faol ishtirok etish, partiya va deputatlikka nomzodlar dasturlari bilan tanishish va munosiblarga ovoz berish shular jumlasidan. Agar siz kuchli ijtimoiy davlatda, har bir fuqaroning farovonligi ta’minlanadigan jamiyatda yashashni istasangiz, partiyamiz va uning nomzodlariga ovoz bering!

Saylovchilar partiyaning Saylovoldi dasturidagi taklif va tashabbuslar yuzasidan fikrlar bildirib, faollarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.