Pandemiya nafaqat inson uchun, balki iqtisodiyotga ham zararli

O‘tgan yilning dekabrida Xitoyda paydo bo‘lgan koronavirus infeksiyasining insoniyat boshiga bunday og‘ir sinovlarni keltirishi kutilmagan edi. Juda tez suratda ushbu epidemiya dunyoning deyarli barcha davlatlariga tarqalib, pandemiya darajasiga yetdi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, 2020 yil 28 mart holatiga ushbu infeksiyaga chalingan odamlar soni 593291 kishini, bir kunda aniqlangan holatlar esa 63700 tani tashkil etmoqda. Infeksiyaning tezlik bilan tarqalish sur’ati yuqoriligini bartaraf etishga oid keskin choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Shu sababli dunyoning barcha davlatlari koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida insonlar, transportlar harakatlanishiga cheklovlar kiritib, barcha ommaviy tadbirlarni noma’lum muddatga kechiktirish choralarini ko‘rmoqda. Hattoki, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi joriy yil Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarini 2021yilning yoziga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Jamiyatdagi insonlar, transportlar harakatlanishiga cheklovlar kiritilishi va barcha ommaviy tadbirlar o‘tkazishni noma’lum muddatga kechiktirish to‘g‘risida choralar mamlakatlar iqtisodiyoti va aholi daromadlariga ta’sirini o‘tkazishi barchamizga ma’lum.

Davlatlar tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar oqibatida yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining keskin qisqarishi, global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalarining izdan chiqishi, dunyo moliya bozorlarida xomashyo tovarlari narxlarining keskin o‘zgarishi va kon’yunkturaning yomonlashuviga sabab bo‘ladi.

Jahon global iqtisodiyotining bir qismi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir etuvchi salbiy oqibatlarni yumshatish hamda aholi, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 19 martda “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” maxsus Farmon qabul qilindi. Farmonda koronavirus pandemiyasining keng tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot tarmoqlari sohalari uzluksiz ishlashini ta’minlash va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.

Koronavirus sababli barcha davlatlarda bo‘lganidek, mamlakat chegaralarining yopilishi, ichki qatnovlarning vaqtinchalik cheklanishi turizm, transport, umumiy ovqatlanish kabi sohalar tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu sababli mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish, karantin sharoitida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farmonda belgilangan chora-tadbirlarni quyidagi uch guruhga bo‘lish mumkin:

►  aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini

qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy mexanizmlar;

►  aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashning soliq mexanizmlari;

►  tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashning kredit mexanizmlari.

Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot sub’yektlariga salbiy ta’sirining oldini olish bo‘yicha belgilangan tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar keng ko‘lamliligini qayd etish zarur. Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning tashkiliy mexanizmlari nafaqat iqtisodiyot sub’yektlarini, balki aholining ehtiyojmand va vaqtincha ishsiz bo‘lgan qatlamini ham himoyalashga yo‘naltirilganligi sababli ham ahamiyatli.

Iqtisodiyot sub’yektlari, aholining ehtiyojmand va vaqtincha ishsiz bo‘lgan qatlamini himoyalashga yo‘naltirilgan tashkiliy mexanizmlari tarkibiga farmonda belgilangan quyidagi vazifalarni kiritish mumkin:

►  O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida 10 trillion so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining tashkil etilishi;

►  ijtimoiy ahamiyatga ega iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish, sotib olish va sotish uchun berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga kafillik hamda kompensatsiya taqdim etishga;

►  respublika hududlarida iqtisodiy faollikni va bandlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga;

►  kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga;

►  fors-major holatni e’tirof etish va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga bir kunlik muddatda tegishli sertifikatlar berish;

►  iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo resurslari hajmlarini monitoring qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish uchun ularning birjaga qo‘yish hajmini oshirish choralarini ko‘rish;

►  importga xarid qilinadigan va intervensiya amalga oshiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining ro‘yxati hamda zarur hajmlarini aniqlash;

►  ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarining bozorlardagi narxlari ustidan kunlik monitoring o‘tkazish va narxlarini sun’iy oshirish, sun’iy tanqislik va ajiotajlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatish;

Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot sub’yektlariga salbiy ta’sirining oldini olish bo‘yicha farmonda belgilangan soliq mexanizmlari yuqorida qayd etilgan tashkiliy mexanizmlarning uzviy davomi hisoblanadi.

Farmonda aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini soliq mexanizmi vositasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha nazarda tutilgan chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:

►  yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasini bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirish;

►  2020 yil 1 apreldan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lashni to‘xtatish;

►   qishloq xo‘jaligidagi yerlarni sug‘orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 2020 yilda o‘rnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirish;

►   2019 yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddatini 2020 yil 1 avgustga qadar uzaytirish;

►   jismoniy shaxslarning mol-mulk  va yer soliqlarini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrga qadar uzaytirish;

►2020 yil 1 apreldan jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlarni soliqqa tortishdan ozod qilish.

Shuningdek, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq turizm sohasiga bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalarini 30 foizga kamaytirish va soliq to‘lovchilarning arizasiga ko‘ra, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlarining xulosalariga asosan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lash bo‘yicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish hamda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish vazifalari yuklatildi.

Iqtisodiy inqiroz xo‘jalik yurituvchilar to‘lov qobiliyatining yo‘qotilishi va bankrotligiga sabab bo‘ladi. To‘lov qobiliyatini mustahkamlash maqsadida farmonda koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga ta’sirining salbiy oqibatlarini bartaraf etishda kredit mexanizmidan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashda keng foydalanish  rejalashtirilgan. Jumladan,

►  birinchi darajali xarajatlarni amalga oshirish uchun foizsiz byudjet ssudalari ajratish yo‘li bilan strategik korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

►  tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’yektlari transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish;

►  koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy ta’siriga eng ko‘p uchraydigan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini, shuningdek, kredit portfeli sifati yomonlashgan hollarda tijorat banklarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha choralarini taqdim etish;

►  uch yilgacha bo‘lgan muddatga foizsiz byudjet ssudalarini ajratish orqali soliq to‘lash muddatlari bo‘yicha kechiktirish taqdim etilishi hamda tadbirkorlik faolligining sustlashishi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarida olinmay qolinadigan daromadlar o‘rnini to‘ldirish;

►  bank va to‘lov tizimlarining uzluksiz hamda barqaror faoliyatini ta’minlash uchun pul bozoriga har oyda umumiy summasi 1 trillion so‘mgacha likvidlik taqdim etish;

►  bankomatlarning yetarli miqdordagi naqd pul mablag‘lari bilan uzluksiz ta’minlanishi, shuningdek, masofaviy bank xizmatlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish;

►  turizm-mehmonxona sohasi sub’yektlari va tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha umumiy summasi 5 trillion so‘mlik qarzdorliklarni to‘lash muddatlarini 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirish;

►  xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, shu jumladan, iste’mol bozorini eng zarur tovarlar bilan to‘ldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlari ajratish;

►  2020 yil 1 iyunga qadar kredit portfelini stress-testdan o‘tkazish, shuningdek, muammoli kreditlarning ortish xavfi mavjud bo‘lgan banklarda aktivlar sifatini baholab borish natijalarini taqdim etishchora-tadbirlari belgilandi.

Qayd etish lozimki, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar 2008 yildagi jahon moliyaviy iqtisodiy inqirozidagi choralardan ham keng ko‘lamli hisoblanadi. Ushbu chora-tadbirlar koronavirus pandemiyasini aholi turmush darajasi va iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha hukumat tomonidan belgilangan talablarga og‘ishmay rioya etish aholining nafaqat o‘z sog‘lig‘ini saqlash uchun xizmat qiladi, balki har birimizning mamlakatdagi iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga qo‘shgan hissamiz ham hisoblanadi.

Bahodir ISROILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, professor.