Pandemiya sabab chet eldan kelolmayotgan ota farzandlari uchun ijtimoiy nafaqa talab qilishga haqlimi?

Ko‘pincha inson qiyin ahvolga tushib, ko‘makka muhtoj bo‘lib qolgan vaqtda turli idoralarga yordam so‘rab murojaat qiladi. Mabodo murojaatchining muammosi e’tiborsiz qoldirilsa, o‘sha inson ommaviy axborot vositalari xodimlari bo‘lgan jurnalist yoki blogerlarga murojaat qilib, dardini aytishga majbur bo‘ladi.

Kecha, 23 iyul kuni Zarnews.uz telegram kanalida Ishtixon tumani Xalqobod mahallasida yashovchi fuqaro O‘tkir Ahmedov tomonidan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida hech qanday yordam ko‘rsatilmaganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi. Murojaatni o‘qib, juda og‘ir ahvolga tushib qolgan, och-nahor yashayotgan insonlar qiyofasi ko‘z oldingizda gavdalanadi. Buni his qilgan “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash” bo‘limi mutasaddilari un, guruch, yog‘ va turli oziq-ovqat mahsulotlarini olib, murojaatchining xonadoniga borishdi. Ammo vaziyat ayanchli emas aksincha oilaning yashash sharoiti juda yaxshi, hatto ko‘pchilik havas qiladigan darajada to‘q yashashi ma’lum bo‘ldi. Oilaning holidan hech kim xabar olmaganligidan norozi bo‘lib, murojaat qilgan xonadonda “Kobalt” avtomobili mavjud ekanligi kishini yanada hayratlantiradi.

Dang‘illama uyni gapirmasa ham bo‘ladi. O‘tkir Ahmedovning otasi bilan suhbatlashilganda o‘g‘lining murojaatidan xabari borligini, ammo yashashi yaxshi ekanligi, hech kimdan kam yashamasligi, kambag‘al oilalarga tarqatilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari so‘rab murojaat qilish niyati yo‘qligini ma’lum qildi.

Otaning gaplaridan muddao nima ekanligini aniq bilib olishingiz mumkin.

– Xudoga shukur yashashimiz yaxshi, hech kimdan kam emasmiz. Ammo menga bolalarga to‘lanadigan nafaqa qanday mezonlarga ko‘ra belgilanishini tushuntirib bering.

Murjaat mahalla raisi tomonidan hal etiladigan bo‘ldi.

Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.

Tahririyatdan: Rossiyadan murojaat yo‘llagan fuqaro farzandlariga vaqtida pul yetkazib berolmayotgani, bolalari bugungi pandemiya sharoitida qiyin ahvolda qolgani, voyaga yetmagan farzandlarining ijtimoiy himoyasi uchun yordamga muhtojligini bayon etgan.

Ishtixon tumani hokimligi mutasaddilari fuqaro yo‘llagan birinchi murojaatga yaxshilab e’tibor berganida, vaqtida ushbu xonadonga borib vaziyatda o‘rganganida ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun qonun nuqtai nazaridan nafaqa talab qilayotganliklarini anglab yetgan bo‘lishardi.

Xo‘sh, bolalarga to‘lanadigan nafaqa qanday mezonlarga ko‘ra belgilanadi? Bunga esa hokimlik munosabatida javob yo‘q.