Panjikentdagi Navro‘z tantanalarida Samarqand viloyati vakillari ishtirok etdi

Samarqand viloyati vakillari 28 mart kuni Panjikent shahrida o‘tkazilgan bayram tantanalarida ishtirok etdi.

Marosimda qatnashgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon o‘z tabrik so‘zida keyingi paytda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy aloqalar mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mart oyi boshida ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi hamkorlik aloqalarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punktlarining ochilishi, fuqarolarning o‘tib-qaytishlari uchun yaratilgan yengillik va qulayliklar tufayli bugun minglab yurtdoshlarimiz va tojikistonliklar o‘z yaqinlari, do‘stu birodarlarinikiga emin-erkin borib kelmoqda.

Bayram tadbiridan so‘ng Tojikiston Respublikasi Prezidenti Samarqand viloyati vakillarini qabul qilib, ularni bayram bilan tabrikladi. O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.