Parlament axborot markazi tashkil qilinadi — har bir deputat OAV va blogerlar bilan doimiy jonli muloqotda bo‘ladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyevning yozishicha, kecha, 27 mart kuni Xalqaro press-klubda bo‘lib o‘tgan "Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va OAV: ochiqlik, shaffoflik, hamkorlik" mavzuidagi sessiyadan so‘ng ko‘tarilgan masalalar yuzasidan jurnalistlar, blogerlar va keng jamoatchilikdan ko‘plab takliflar kelib tushgan.

«Biz jamiyatda yuz berayotgan barcha islohotlar, dolzarb masalalar, muammolarni xalqimizga OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiq va oshkora yetkazish, bunda deputatlarning yanada faol ishtirokini ta’minlashni maqsad qilganmiz.

Buning uchun, avvalo har bir deputat OAV vakillari, blogerlar bilan doimiy jonli muloqotda bo‘lishini keng yo‘lga qo‘ymoqchimiz. 

Hozirda keng jamoatchilik tomonidan kelib tushayotgan fikr-mulohazalar va takliflar o‘rganilmoqda. Mazkur taklif va tavsiyalar asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoshida Parlament axborot markazini tashkil qilishni rejalashtirdik», deb yozgan deputat.