“Parlament o‘yinlari”: Deputatlar sportda imkoniyatlarini sinadi
Xalq deputatlari Samarqand viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari o‘rtasida sportning voleybol, badminton, minifutbol va tennis turlari bo‘yicha Oliy Majlis Senati raisi kubogi uchun “Parlament o‘yinlari” sport musobaqalarining viloyat bosqichi yakunlandi.
Musobaqaning bugungi - ikkinchi kunida deputatlar minifutbol va tennis bo‘yicha bellashdi. Minifutbol bahsida bulung‘urliklar barcha raqiblaridan ustun kelib, g‘alabaga erishdi. Oqdaryo tumani jamoasi ikkinchi, Paxtachi tumani jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
- Bu kabi sport musobaqalari, eng avvalo, sog‘lom turmush tarzini ta’minlaydi, - deydi bulung‘urlik bellashuv qatnashchisi, deputat Xurshid Bozorov. – Bizning jamoa o‘tgan yili ham barcha raqiblaridan ustun kelib, “Parlament o‘yinlari” chempioniga aylangandi. Endi hudud bosqichlarida ham viloyatimiz sha’ni uchun astoydil kurashamiz.
Tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida paxtachilik Jasurbek Qurbonov 1-o‘rin, nurobodlik Ulug‘bek Xoliqulov 2- va payariqlik Shoxruh Mirzaqulov 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida Samarqand shahridan Ozoda Nazarova 1-o‘rin, Payariq tumanidan Sohiba Norboyeva 2-o‘rin, Narpay tumanidan Ruqiya Shukurova 3-o‘ringa egalik qildi.
- “Parlament o‘yinlari” ko‘tarinki ruhda o‘tdi, - deydi oqdaryolik musobaqa ishtirokchisi Ma’rufxon Qoraboyev. – Biz “Sport bilan yasha, sportni sev!” shiori ostida tumanimiz sharafini himoya qildik. Hamjihatlikda va faol ishtirok etib, yuqori o‘rinni egallashga harakat qilamiz. Bunday o‘yinlar ko‘proq o‘tkazilishini istardim. Kelgusida barcha tuman deputatlari bilan hamkorlikda sport o‘yinlarini yanada kengaytirishni maqsad qildik.
Musobaqa yakunida g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jasurbek ShUKUROV.