Parlament va deputatlar nazorati kuchayishi zarur
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish va hayajon bilan kutib oldi. Erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritildi, masalalar ochiq-oydin bayon qilindi, yangi yechimlar taklif qilindi. Shuning uchun Murojaatnomani diqqat bilan tingladik, muhim xulosalarga ega bo‘ldik.
Prezidentimizning 2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berish taklifi yig‘ilganlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi. Chunki hech kim yoshlar masalasiga befarq bo‘la olmaydi.
Prezidentimiz hozirgi kunda respublikamizda alohida e’tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan 150 ming nafar farzandlarimiz borligini aytib, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi uchun ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam berish, uy-joy bilan ta’minlash nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimiz, ekanligini ta’kidladi.
2021 yilda birinchi marta davlat byudjetidan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga 50 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali yillar davomida panohsiz qolgan, qonuniy haq-huquqi uchun idorama-idora yugurib yurgan yoshlarning qalbiga yorug‘lik kiradi, eng katta orzulari ushaladi, deb o‘ylayman.
Inson huquqi bola huquqidan boshlanadi. Bola huquqlarini muhofaza etish, ularning manfaatlarini himoyalash bizning jamiyatimizda dolzarb masalaligicha qolmoqda. Xalq demokratik partiyasi deputatlari ushbu masalani bir necha marotaba atroflicha o‘rganib, takliflar berdi.
Murojaatnomada bola huquqlari masalasida qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, bolalarni qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil etish, unga 100 milliard so‘m ajratish, fond mablag‘larini yil davomida oshirib borish vazifasi qo‘yildi. Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida qonun qabul qilish zarurati tushuntirildi.
Albatta, bu rejalar, bu ezgu ishlar zamirida toza niyat, ulug‘ g‘oya mujassam. U ham bo‘lsa, bolalarning ko‘nglini o‘ksitmaslik, ularga imkoniyat va sharoit yaratib berishdir.
Murojaatnomada ijro hokimiyati, vazirlik-idoralar, hokimliklarning aholini o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish, bu borada davlat boshqaruvini takomillashtirish, parlament, deputatlik nazoratini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.
Xususan, parlamentga mahalliy hokimliklar faoliyatini tubdan isloh qilish, quyi tizimda vazifa va vakolatlarni aniq va qat’iy belgilashga xizmat qiladigan qonun loyihasi ishlab chiqish tavsiya etildi.
Qabul qilingan qonun, qaror va farmonlar joylarda qay darajada ijro etilayotgani, mutasaddilarning yangilik va o‘zgarishlardan, vazifalarni amalga oshirish mexanizmlaridan xabardorligini oshirish ham dolzarb masalaga aylangan. Saylov okruglariga borib, nazorat-tahlil tadbirlari, o‘rganishlar o‘tkazganimizda bu yo‘nalishda hali oldinda ko‘p vazifalar borligiga amin bo‘lgan edik.
Prezidentimiz aholini o‘ylantirayotgan muammolarni qisqa vaqtda va tizimli hal etish uchun zarurat bo‘lsa, vazirlar, hokimlarni parlamentga chaqirib eshitish, ularning oldiga masalani qat’iy qo‘yish kerakligini ta’kidladi.
Parlament, deputatlar faoliyatini kuchaytirishda, mutasaddilarning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini oshirishda mana shu yo‘nalishdagi ishlar katta ahamiyat kasb etadi.
Sherbek BO‘RONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.