Parlamentda yoshlarning o‘rni bor(mi)?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti”ning birinchi ta’sis yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda «Yoshlar parlamenti» raisi va uning o‘rinbosarlari saylandi. Shuningdek, «Yoshlar parlamenti» qo‘mitalari tuzilib, qo‘mita a’zolari, raislari hamda ularning o‘rinbosarlari saylandi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, jahon miqyosidagi parlamentlarda 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar 2016 yilda 1,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bor-yo‘g‘i 2,2 foizga yetdi. Parlamentlar yuqori palatalarining 76 foizida 30 yoshgacha bo‘lgan deputat yoki senat a’zolari umuman mavjud emas. 2016 yildan bugungi kunga qadar yosh erkak parlamentchilar soni yosh ayol parlamentchilarga nisbatan keskin o‘sgan. Mamlakatimizda bu ko‘rsatkich 6 foizni tashkil etmoqda.

Shuni ta’kidlash kerakki, respublikamizda qizg‘in siyosiy kurashlar ostida o‘tgan saylovlar natijasida yangi parlament quyi palatasi deputatlarining tarkibi shakllandi. Ularning 48 nafarini ayollar, 9 nafari, ya’ni 6 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chaqiriqqa nisbatan 3 foizga ko‘pdir.

Parlamentda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yaxshilashda, qonun ijodkorligida yoshlarning rolini oshirishda navbatdagi muhim qadam tashlandi. Ya’ni, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida 250 nafar a’zosidan iborat “Yoshlar parlamenti” tashkil etildi.

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda Samarqand shahridagi yoshlar markazi binosida karantin qoidalariga rioya qilgan holda viloyatdan “Yoshlar parlamenti”ga saylangan 16 nafar, respublika komissiyasining tavsiyasiga ko‘ra unga kiritilgan 8 nafar, jami 24 nafar yosh ishtirok etdi.

Yig‘ilishda bildirilgan taklif va tavsiyalar, mulohazalar hamda saylov jarayonida kelib tushgan takliflar asosida “Yoshlar parlamenti”ning ish rejasi ishlab chiqilishi belgilab olindi.

G‘ofirjon Bobobekov.