Past Darg‘om maktablarining 6 nafar direktori nega intizomiy jazo oldi?

Xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami keng. Biroq tizimdagi muammolarni bosqichma-bosqich hal etmasdan, xalq ta’limi xodimlari, ayniqsa, maktab direktorlarining mas’uliyatini oshirmasdan turib, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish qiyin.

Shu bois Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida boshqarmaning bo‘lim boshliqlari va mutaxassislaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan viloyatning tuman va shaharlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytga qadar Ishtixon va Payariq tumanlaridagi umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarining holati o‘rganilib, aniqlangan muammolar maktab direktorlari ishtirokida muhokama qilindi.

Joriy yilning 30 iyun kuni boshqarmaning 20 nafar xodimlaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan Past Darg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limi mutaxassislari hamrohligida tumandagi maktablarda ham xuddi shunday o‘rganish ishlari olib borildi. Tumandagi 84-umumta’lim maktabida ushbu o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar muhokama etilib, oldinda turgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Unda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov so‘zga chiqib, Past Darg‘om tumani umumta’lim maktablarining milliy reyting natijalariga ko‘ra qayd etgan o‘rni, tumandagi ta’lim-tarbiya jarayonlarining holati, o‘quvchilarning OTMga o‘qishga kirishi, ba’zi maktab direktorlarining vazifasiga nisbatan sovuqqonligi sababli aholidan kelib tushayotgan murojaat va shikoyatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bugun har bir katta-kichik muammolar, xato va kamchiliklardan qat’iy xulosa chiqarish vaqti kelganini, sohani illatlardan xalos etib, bor imkoniyatni o‘qituvchilarning bilim va salohiyatini oshirish, o‘quvchilarga mustahkam bilim berish ustida ko‘proq bosh qotirish lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, boshqarma bo‘lim boshlig‘i Xurshid Hojiqulov tumandagi maktablarda ishchi guruh a’zolari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari bo‘yicha hisobot berdi.

1-IDUM, 52-, 54-, 17-, 38-, 47-, 51-, 63-, 102-umumta’lim maktablarida muassasani yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlari sifatli tashkil etilgani, hududning obodligi, bo‘sh turgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, qo‘shimcha daromad topish bo‘yicha e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilgan. S.Usmonov ushbu maktab direktorlarining mehnatini alohida e’tirof etib, minnatdorchilik bildirdi.

Biroq ishchi guruh a’zolari tomonidan 1-, 46-, 67-, 78-, 100- va 116-umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi, obodonlashtirish ishlarining olib borilmaganligi, o‘quv jihozlaridan foydalanish qoniqarsizligi, hojatxonalar esa antisanitariya holatda ekanligi aniqlandi.

Achinarlisi, o‘quvchilar hayoti uchun xavfli bo‘lgan “burjuyka” pechlardan foydalanish taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, aynan ushbu maktablarning sinfxonalaridan xuddi shunday isitish moslamalari topildi. Mazkur maktablarning direktorlariga nisbatan mas’uliyatsizligi sababli intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Boshqa maktablardagi holatlarga ham izoh berilib, direktorlar qat’iy ogohlantirildi.

Past Darg‘om tumani hokimi o‘rinbosari Eldor Berdiyev, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Elamon Parmonov aniqlangan kamchiliklar, mavjud muammolardan barcha direktorlar tegishli xulosa chiqarishi, maktablarda ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratishi lozimligini ta’kidlashdi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ishchi guruhi a’zolari Qo‘shrabot tumanidagi umumta’lim maktablarida xuddi shunday o‘rganish ishlarini davom ettiradi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.