Past Darg‘om tumanida DXMning oltinchi filiali ish boshladi
23 yildan buyon tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olmagan fuqaroga bu hujjat tantanali tadbirda topshirildi.
Tumandagi Oltiqahramon mahallasida yashovchi Xayriniso Murodovaning to‘rt nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘ining baxtsiz hodisa tufayli nogiron bo‘lib qolishi oqibatida oila tebratish mas’uliyati Xayriniso opaning zimmasiga tushadi. Aynan o‘sha paytlarda oilada kenja farzandi Damin Ergashev dunyoga keladi. Ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lgan ona kenja farzandiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olishga imkon topolmaydi. Shu tariqa oradan 23 yil vaqt o‘tadi. Shu yoshgacha farzandiga guvohnoma olmagan Xayriniso opa Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasiga murojaat qildi. Murojaat tegishli tartibda o‘rganib chiqilib Damin Ergashevga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma berilishi ta’minlandi.
Bugun Past Darg‘om tumani markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan Oltiqahramon mahallasida Davlat xizmatlari markazining fililali ish boshladi. Filialning ochilish marosimida aynan Damin Ergashevga 2-FHDYo bo‘limi inspektori tomonidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma sayyor tartibda topshirildi. Shuningdek, mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yana bir oila farzandi ham tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda Oltiqahramon hamda unga yaqin 14 ta mahallalarda 100 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Endilikda ushbu hudud aholisi ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab, tuman markaziga borishiga ehtiyoj qolmadi. 140 dan ortiq davlat xizmatini ko‘rsatuvchi filial Oltiqahramon mahallasidagi 111-maktab binosida joylashgan.