Past Darg‘om tumani Davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshladi

Past Darg‘om tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, soha vakillari, nuroniylar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Past Darg‘om tumani hokimi Sh.Xudoyberdiyev, Davlat xizmatlari agentligi direktori X.To‘raxo‘jayev va bir guruh faollar yangi inshootda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tuman markazida “Mash’alTransServis” MChJ qurilish firmasi tomonidan 5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib bunyod etilgan ikki qavatli yangi binoda Davlat xizmatlari markazi xodimlari va aholi uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘ziga xos me’moriy yechimga ega bo‘lgan ko‘rkam markazda zamonaviy dizayn asosidagi kutish zali, xizmat ko‘rsatish xonalari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti mijozlar xizmatida. Bu yerda xorijiy investorlar uchun ham qulayliklar yaratilgan bo‘lib, muzokaralar o‘tkazish zali barpo etilgan. Tumanning investitsiyaviy salohiyatini namoyish etuvchi axborot ekranlari bilan jihozlangan.

Markaz bir vaqtning o‘zida 29 ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat ko‘rsata oladi. Zamon andazalariga mos ravishda jihozlangan binoda 21 ta monitorda 130 dan ortiq davlat xizmati turlari yuzasidan ma’lumotlar fuqarolarga taqdim etib boriladi.

Past Darg‘om tuman hokimligi axborot xizmati.