Elchi Samarqand shahar DXM xizmatidan foydalandi
Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida xorijiy investor ishtirokidagi yana bir korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
“STANNUM TAURUS” MChJ rangli metall rudalarni qazib oladi va ishlab chiqaradi. Korxona Paxtachi tumanida tashkil etilgan bo‘lib, aynan qalay qazib olish bilan shug‘ullanadi.
- Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida yaratilgan qulayliklardan mamnun bo‘ldim, - deydi O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi favqulodda va muxtor elchisi Dilyor Hakimov. - Ayniqsa, O‘zbekistonga investitsiya kiritib, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar yo‘lga qo‘yilibdi. Bugun bu yerda biz tashkil etayotgan korxonaning atigi bir necha daqiqada davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ham bunga misol. Aytishim kerakki, Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg davlatlarida ham bunday markazlar bor, lekin ular bizdagilarga nisbatan ancha kichik va elektron tizimga o‘tgan.
Dilyor Hakimovning ta’kidlashicha, ustav fondi 50 million yevro bo‘lgan korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, 2 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlanishi mumkin. Bu viloyatdagi ko‘plab ishsiz shaxslarning doimiy daromadga ega bo‘ladi, deganidir.
Ma’lumot uchun: 2021 yilda jami 30 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Xususan, 12 076 ta yuridik shaxslar hamda 18 261 ta yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlik sub’yektlari shular jumlasidandir. Ularning 53 tasi xorijiy investitsiya ishtirokidagi (qo‘shma va xorijiy) korxonalardir.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.