Davlat xizmatlari markazi: ikki yillik saboq
Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak. Ushbu ulug‘vor g‘oyani amalga oshirish maqsadida mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganiga ikki yil to‘ldi.
Xo‘sh, o‘tgan ikki yil davomida Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi?
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Maqsud QURBONOV bilan shu va boshqa masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.
- Maqsud aka, suhbatimiz avvalida ikki yillik faoliyat yakunlari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi qarori bilan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan davlat xizmatlari markazlarida dastlabki vaqtda 33 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bir yil ichida xizmat turlari 100 taga yetdi. Bugungi kunga kelib, joylarda 120 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Tuman va shahar davlat xizmatlari markazlari tomonidan 2018 yilda aholiga 478 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 1 million 126 ming 688 tani tashkil etdi. Jumladan, 28 440 ta (9184 mingdan ortiq yuridik, 19151 ta yakka tartibdagi va 105 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona) tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Tuman, shahar davlat xizmatlari markazlarida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning eng ko‘pi Samarqand shahar (190 000 ta), Past Darg‘om (102 000 ta) va Urgut (100 000 ta) tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu o‘rinda bir ma’lumotni alohida qayd etish lozim. O‘tgan 2019 yilda tizimda muhim yangilik va yutuqlar ko‘p bo‘ldi. Jumladan, Jahon bankining “Doing business” yillik hisobotida Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi mas’ul bo‘lgan “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 190 davlati ichida 8-o‘rinni egallab, O‘zbekiston birinchi bor “Top-10” likka kirdi.
– Ko‘rsatayotgan xizmatlarni aholiga tanishtirishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda. Umuman, bu boradagi targ‘ibot ishlari qay tarzda yo‘lga qo‘yilgan?
– Bu borada boshqarmaning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi tomonidan sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, respublika va mahalliy gazeta, radio va televideniye, shuningdek, elektron ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ham sohaga doir muhim yangiliklar, tezkor xabar va ma’lumotlar e’lon qilib borilmoqda. Agentlikning davxizmat.uz veb-sayti, «Facebook»da «Davlat xizmatlari agentligi» hamda boshqarmaning Samarqand Davxizmat sahifasida muntazam ravishda ma’lumot joylashtirilmoqda. Shuningdek, agentlikning «Telegram» mobil ilovasida «Davlat xizmatlari» kanali, info@davxizmat.uz elektron pochta manzili hamda davxizmat@exat.uz idoralararo tezkor elektron hujjat almashinuv tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Olis hududlarda esa sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida tushuntirish ishlari tashkillashtirilyapti, kerak bo‘lsa, uyma-uy yurib, markazlar orqali xizmatlardan foydalanishning afzalliklari, qulayliklari tushuntirilmoqda.
Jumladan, 2019 yilda boshqarmaning barcha texnik vositalar bilan jihozlangan maxsus avtobus hamda tuman, shahar davlat xizmatlari markazlarining “Damas” rusumli avtomashinalarida olis mahallalarda 36607 nafar fuqaroga sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Viloyatning olis hududi – Qo‘shrabot tumanining Zarmitan, Zarkent va Boyto‘p mahallalari tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu hududda o‘n mingga yaqin fuqaro istiqomat qiladi. Boshqarmamiz mas’ul xodimlari hamda Qo‘shrabot tumani davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan aynan ushbu manzilda 200 ga yaqin fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
– Viloyat miqyosida faoliyat ko‘rsatayotgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari xodimlarining fuqarolar bilan ishlash ko‘nikmasi, bilim va mahorati ayniqsa, muomala madaniyatini oshirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Bu borada boshqarma tomonidan maxsus mahorat darslari reja-jadvali tasdiqlangan. Shuningdek, xizmatlar ko‘rsatishda turli noxush holatlarning oldini olish uchun «Sirli mijoz» tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tadbirlarda xodimlarning muomalasi, malakasi hamda odob-axloqiga oid boshqa jihatlari o‘rganilib, tahlil qilib borilmoqda. Markaz xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida har oyda hududiy o‘quv-seminarlari tashkil etib kelinmoqda.
Shuningdek, Adliya vazirining grafik rejasiga asosan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari xodimlari muntazam ravishda bosqichma-bosqich vazirlik huzuridagi yuristlar malakasini oshirish markaziga yuborilmoqda.
– 2019 yilda Nurobod, Paxtachi, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida juda ko‘plab mijozlarga bir paytning o‘zida tez va sifatli xizmat ko‘rsata oladigan, zamonaviy, har tomonlama qulay davlat xizmatlari markazlari binolari foydalanishga topshirildi. Boshqa tuman (shahar) larda yangi binolar qachon foydalanishga topshiriladi?
– Darhaqiqat, o‘tgan yil to‘rtta tumanda yangi markaz binosi qurib foydalanishga topshirildi. Bu yil qolgan markaz binolarini ham bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, ayrim davlat xizmatlari markazlari binolarining bugungi holati aholi sonidan kelib chiqqan holda talabga javob bermaydi. Bu binolarda aholi uchun qulay kutish joylari, qariyalar va nogironlar uchun maxsus o‘rindiqlar, ona va bola xonalari kabi qo‘shimcha qulayliklar yo‘q. Lekin yuqorida qayd etib o‘tilganidek, tez orada qolgan davlat xizmatlari markazlari ham keng va zamonaviy hamda barcha sharoitlar mavjud binolarga ega bo‘lishadi.
Tuman va shaharlarda davlat xizmatlari markazlari binolari mahalliy byudjet mablag‘lari va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilmoqda. Bu binolarda yuqori energiya samaradorligi, eng asosiysi, tashrif buyuruvchilarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish uchun eng qulay shart-sharoit yaratiladi.
– Qaysi tumanlarda aholiga tezkor va sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgan xato-kamchiliklar bor?
– Bugungi kunda xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va barqaror ishlatishda duch kelinayotgan asosiy muammolardan biri – davlat organlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish muddatlarining buzilishidir. 2019 yilda boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi vakolatli organlar va boshqa tashkilotlar tomonidan 23 mingdan ortiq qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Ayniqsa, ortiqcha hujjat talab qilish, murojaatni ko‘rib chiqish muddatlarini buzish (cho‘zish) kabi holatlar ko‘p uchrayapti.
Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha idoralararo elektron axborot almashinuvini ta’minlashga doir ayrim muammolar hamon saqlanib turibdi. Masalan, kadastr, soliq idoralari bilan bugungi kungacha elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilmagan.
– Bunga sabab nima?
– Buning asosiy sababi vazirlik va idoralarning elektron hujjat almashinuv tizimiga o‘z vaqtida ulanmaganligi, davlat xizmatini ko‘rsatish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarning qo‘nimsizligi, davlat xizmatini ko‘rsatishga ikkinchi darajali vazifa sifatida qarayotganligi bilan bog‘liq.
Shu paytgacha boshqarma tomonidan aniqlangan aksariyat qonun buzilishi holatlari bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirishda, muhandislik-kommunikatsiyalariga ulanishda, ob’yektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berishda, turarjoylarni noturarjoy toifasiga o‘tkazishga ruxsatnoma berishda, qurilishi tugallangan (rekonstruksiya qilingan) ob’yektni foydalanishga qabul qilishda kuzatilgan.
Qonun buzilishi holatlarini idoralar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, asosan mahalliy davlat hokimiyati organlari, arxitektura va qurilish organlari, gaz, elektr tarmoqlari korxonalari, maktabgacha ta’lim va kadastr idoralariga to‘g‘ri kelmoqda.
Qonunbuzilish holatlari yuzasidan vakolatli organlarning 238 nafar rahbarlari va mas’ul xodimlari boshqarma tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2155-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Kiritilgan 40 ta taqdimnoma natijasida 43 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilib, vakolatli organlarga 225 ta rasmiy ogohnomalar kiritildi.
Albatta, aybdorlar jazosini oldi va olyapti. Biroq bir jihat bizni ko‘proq xavotirga solmoqda. Davlat xizmatlari ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilayotgan bittagina xato, qonun buzilishi ham xalqimizning ushbu tizimga ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lishini ayrim vakolatli organlar haligacha tushunib yetmayapti.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.