Past Darg‘omda 2020 yil hosili uchun urug‘lik paxtani tozalash masalalari muhokama qilindi
Past Darg‘om tumanidagi Juma paxta tozalash korxonasining “M.Qo‘chqorov” urug‘lik chigitni tayyorlash sexida 2020 yil hosili uchun urug‘lik paxtani tozalash, chigitni tuksizlantirish, saralash va urug‘lik chigitni qishloq xo‘jalik zararkunanda hamda kasalliklariga qarshi dorilashga bag‘ishlangan viloyat seminari o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosari A.Nurqulov hamda viloyatdagi paxtaga ixtisoslashgan tumanlardan sohaga tegishli korxona va tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratish, urug‘lik chigitni tayyorlashda nazorat xizmatining faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.
2020 yil hosili uchun fermer xo‘jaliklarini sifatli urug‘lik chigit bilan ta’minlash maqsadida paxta tozalash korxonalariga g‘o‘zani kasallik va zararkunandalardan himoya qilishda urug‘lik chigitni dorilashning ahamiyati va uni sifatli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati.