Past Darg‘omda gaz hisoblagichi buzilgan “Zapravka” davlat manfaatlariga 88 million so‘mdan ziyod zarar yetkazgan
Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi tomonidan tegishli soha mutaxassislari bilan hamkorlikda “Juma” gaz taqsimlash stansiyasida joylashgan “Jasorat” MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagichning xotirasidagi ma’lumotlar o‘rganildi.
O‘rganishlarga ko‘ra, mazkur gaz hisoblagich parametrlariga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi, 2019 yilning 1 aprelidan 2019 yilning 10 apreliga qadar bosimlar farqi bo‘yicha hisobni kam ko‘rsatayotgani aniqlandi.
Holat bo‘yicha elektron gaz hisoblagich xotirasida saqlangan elektron arxiv ma’lumotlarining o‘zgartirishlarini qayd etish jurnalida ham unga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qaroriga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori hamda “Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish shartnomasi”ning tegishli bandi buzilganligi ma’lum bo‘ldi.
Buning oqibatida davlat manfaatlariga 88 million 401 ming so‘mlik zarar yetkazilgan. Qilmishini anglab yetgan “Jasorat” MChJ rahbarlari yetkazilgan zararni to‘liq qoplab berdi.
Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi.