Past Darg‘omda yana bir jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi
Past Darg‘om tumani "Novchandir" mahallasida yashovchi, R.A., B.I., Sh.X.lar Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani "Neftchi" mahallasida yashovchi X.B. hamda Boysun tumani "O‘rta Machay" mahallasida yashovchi E.Sh.lar oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 13 fevral kuni soat taxminan 01:30 larda "Parchachandir" mahallasida yashovchi M.ning yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.
Ular bu yerdan bahosi 2 million so‘mlik televizor hamda 1,5 million so‘mlik elektr pechini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Bundan tashqari, bu jinoiy guruh a’zolari 21 fevral kuni soat taxminan 01:00 da Past Darg‘om tumani "Chandirobod" mahallasida yashovchi N.ning yashash xonadoniga devor orqali kirib, u yerdan televizor, shamol purkagich (ventilyator) va qimmatbaho xanjar, 10 mart kuni esa shu mahallada yashovchi E.ning xonadoniga o‘g‘rilikka kirib, 2,5 million so‘mlik karnay va 1 dona televizorni olib, voqea joyidan yashiringan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, ushbu guruh a’zolari o‘zlariga yana 4 nafar shaxsni jalb qilib, tuman hududidagi bir nechta xonadonlardan mol, qo‘y va boshqa chorva mollarini o‘g‘irlab kelganligi aniqlangan.
Past Darg‘om tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olinib, o‘g‘irlangan buyumlar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. 9 nafar gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.