Past Darg‘omdagi bekatda yuz bergan yong‘in bo‘yicha ma’lumot berildi

Kecha, 15 fevral kuni soat 12:36 da Past Darg‘om tumanida joylashgan Juma avtoshohbekati hududidagi yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli bo‘lgan "xot-dog-shaurma" tayyorlash xonasida yong‘in sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yong‘in aks etgan video ham tarqaldi. Videolavhada izohlanishicha, qutqaruv ekipaji yong‘in sodir bo‘lgandan 1 soat o‘tib yetib kelgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu ma’lumotni rad etib, asl voqea tafsilotlari haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga 1 soat emas, 5 daqiqada yetib borib, 10 daqiqada yong‘in bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida xonaning taxminan 8 kvadrat metr maydonida shift, tom qismi va ichki jihozlari yonib zararlangani aytiladi.

Jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.