Paxta-to‘qimachilik klasterlari uchun yangi talablar belgilandi

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 iyunda “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati baholanadi. Ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish bo‘yicha ilmiy markazlarning namunaviy tuzilmasi, innovatsiyalar, yangiliklarni joriy etish bo‘yicha ilmiy markazlar tashkil etiladi. Mazkur qaror asosida Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ham ishlab chiqildi.
Qaror asosida paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini baholash bo‘yicha viloyat ishchi guruhi tasdiqlandi. Shuningdek, 2020-2021 yillarda paxta tozalash zavodlarini modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni ishga tushirish, ip-yigiruv, matoni to‘qish va bo‘yash, chigitni qayta ishlash, tikuvchilik va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, agrologistika va chorvachilik komplekslarini tashkil etish, suv tejaydigan texnologiyalar, qishloq xo‘jalik texnikalari xarid qilish bo‘yicha paxta-to‘qimachilik klasterlarining “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Qaror asosida viloyatdagi “Maroqand sifat” va “Maroqand sifat tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan innovatsiyalar, ilm-fan yutuqlari va yangiliklarini joriy etish bo‘yicha ilmiy markazlar tashkil etiladi.
Xomashyoni qabul qilish, saqlash va qayta ishlash quvvatlarining mavjudligi, ishlab chiqariladigan mahsulot turlari, eksport ko‘rsatkichlari, sifat tizimlarining joriy etilganligi, yuqori unumli qishloq xo‘jalik texnikalari, tomchilatib, yomg‘irlatib va boshqa ilg‘or suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilganligiga ko‘ra, paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini baholash reyting ballari taqdim etiladi.