“Paxtakor” stadionini qayta barpo etish bo‘yicha 20 ga yaqin kompaniyalar o‘z takliflarini bildirmoqda
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Toshkentdagi «Paxtakor» markaziy stadionining buzilishiga nisbatan e’tirozlar bildirilmoqda. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati tomonidan rasmiy ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, «Paxtakor» klubi rasmiy saytida stadionning aniq buzilish sanasi ma’lum emasligi haqida bayonot berilgan. Unga ko‘ra, ayni paytda stadionning yangi ko‘rinishi qanday bo‘lishi aniqlanmoqda. Taqdim qilingan loyihalar orasidan birini tanlab olish jarayoni ketmoqda. «Paxtakor» klubi rasmiy saytida e’lon qilingan tenderdan so‘ng 20 ga yaqin kompaniyalar o‘z takliflarini bildirishgan. Stadion FIFA talablariga javob beradigan holatda bunyod etilishi sabab yakuniy qarorga kelishdan avval barchasini puxta o‘ylab ko‘rish talab etiladi.
«Ma’qul deb topilgan loyiha tanlangach, poytaxtimiz markazida joylashgan stadionni Toshkent ko‘rkiga aylantirish maqsadida Hukumatning tegishli idoralari bilan birgalikda qurilish ishlari qachon boshlanishi borasida to‘xtamga kelinadi. Ayni holatda esa stadionni buzish ishlari qachon boshlanishi aniq emas. Loyiha masalasi aniq bo‘lishi bilan bu haqda ma’lumot taqdim etiladi», - deyiladi klub bayonotida.
Yana shuni qo‘shimcha qilish kerak, biroz avval «Paxtakor» futbol klubi matbuot xizmati bergan bayonotga ko‘ra, stadion qurilishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar to‘liq homiylar hisobidan qoplanishi ma’lum qilingan edi.