Payariq tumani markazida “Yoshlar kutubxonasi” foydalanishga topshirildi

Mazkur ziyo maskanida 6 mingdan ortiq o‘zbek va jahon adabiyotining sara durdonalari, nazmiy va nasriy asarlar, ilmiy va huquqiy risolalar, bolajonlar uchun ertak kitoblar o‘rin olgan. Zamonaviy tarzda qurilgan shinam kutubxonada Wi-Fi tarmog‘i ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, yoshlar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasining elektron portali orqali 10 mingdan ortiq badiiy asarlarni kompyuter vositalari orqali o‘qish imkoniyatiga ega.
– Kitob o‘qigan inson bilimi, dunyoqarashi va fikrlashi bilan boshqalardan ajralib turadi, – dedi tuman hokimi D.Musinov. – Shu bois, xalqimizni, xususan, yoshlarimizni kitob o‘qishga, mutolaaga o‘rgatishimiz kerak. Bu kutubxonani ham, albatta, shunday maqsad yo‘lida tashkil qildik. O‘ylaymizki, mazkur kutubxona yoshlarimizga yanada ilhom ulashadi va “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lishlariga turtki bo‘ladi.
Kutubxona 12 metr kvadrat maydonda barpo etilgan bo‘lib, 5 ta – o‘n ikki kishilik o‘quv zali, elektron kutubxona, ro‘yxatga olish va badiiy adabiyotlar burchagi hamda bolalar bo‘limidan iborat.