Payariqda ekologlar qo‘llagan jarima adliya bo‘limi tomonidan bekor qilindi
Payariq tuman adliya bo‘limiga tumandagi Fidokor mahallasida yashovchi fuqaro J.Alibekov tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, murojaat qildi.
Murojaat mazmuniga ko‘ra, fuqaro J.Alibekov joriy yilning mart oyida tumanning Ingichka qishlog‘idan o‘z uyiga shaxsiy avtomashinasida tosh olib ketayotgan vaqtida tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan to‘xtatilib, avtomashinada ortilgan toshni suratga olishgan. Lekin inspeksiya xodimlari tomonidan fuqaro J.Alibekovga hech qanday hujjatga imzo qo‘ydirilmagan.
Biroq oradan 3 oy o‘tganidan keyin majburiy ijro byurosidan fuqaro J.Alibekovning telefoniga 2.252.300 so‘m qarzi borligi to‘g‘risida xabarnoma kelgan.
Aniqlanishicha, Payariq tuman ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi inspektori tomonidan 2020 yil 18 mart kuni fuqaro J.Alibekovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 70-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, shuningdek 2020 yil 27 martda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish bayonnomasi va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qaror qabul qilingan.
Payariq tuman adliya bo‘limining aralashuvi bilan Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 2020 yil 20 iyuldagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorni bekor qilish haqidagi qarori qabul qilinib, fuqaro J.Alibekovga qo‘llanilgan jarima bekor qilindi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi.