Payariqda o‘quvchini urgan o‘qituvchiga qonuniy chora ko‘riladi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandning Chelagida 3-sinf o‘quvchisini o‘qituvchisi kaltakladi” nomli sarlavha ostida xabar e’lon qilingandi. Xabarda Chelak shahridagi 79-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisini 18 sentyabr kuni sinf rahbari kaltaklagani, maktab ma’muriyati 9 yashar o‘quvchiga qo‘l ko‘tarilganini o‘qituvchining oilaviy muammolaridan asabi qaqshagani bilan izohlagani bayon qilingan, deydi @Farhod Norbutayev.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat o‘rganildi. Payariq tumani xalq ta’lim bo‘limining ma’lum qilishicha, videoda aks etgan holatni viloyat XTB boshlig‘i o‘rinbosari U.Mamarasulov, tuman hokimi o‘rinbosari F.Omonov, tuman prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha yordamchisi Sh.Mavlonov, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Rashidov, Ahmad Yassaviy mahallasi raisi Sh.Hamidov, profilaktika noziri G‘.Yaxshiboyev, tuman xalq ta’limi bo‘limi bosh yuristkonsulti Z.Ochilovlar maktab direktori A.Jo‘rayev, o‘quvchi M.E.ning otasi D.Badalboyev ishtirokida o‘rgangan.
O‘tkazilgan surishtiruv natijasiga ko‘ra, 2019 yilning 18 sentyabr kuni Payariq tumanidagi 79-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi S.H. tomonidan sodir etilgan holat o‘qituvchining oilaviy kelishmovchiliklar sababli sodir etilganligi aniqlangan. Asabi buzilgan holatda ishga kelgan S.H. jahl ustida 3-“A”sinf o‘quvchisi M.E.ni urgan.
O‘rganish davomida maktab jamoasi va o‘qituvchi S.H. bilan suhbat o‘tkazilib, o‘qituvchiga tushuntirish ishlari olib borilgan.
Payariq tumanidagi 79-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 3-“A” sinf rahbari S.H. tomonidan sodir etilgan ushbu holat pedagogikada taqiqlangan. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish belgilangan.
Ishchi guruh tomonidan o‘qituvchi S.H.ga mazkur qonun tushuntirilib, o‘qituvchi o‘quvchini urmasligi, kamsitmasligi, qo‘pol muomalada bo‘lmasligi, har qanday vaziyatda o‘zini tuta bilishi, o‘quvchi yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarga pedagogik jihatdan yondashish zarurligi ta’kidlandi.
S.H. qilgan xatti-harakatidan pushaymonligini bildirib, o‘quvchi M.E.ning otasi D.Badalboyevdan kechirim so‘ragan.
Ushbu holatni o‘rgangan tegishli tashkilotlarning xulosalariga ko‘ra, sodir etilgan holat yuzasidan o‘qituvchi S.H.ga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi. Shuningdek, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaraganligi uchun Payariq tumanidagi 79-umumta’lim maktabi direktori A.Jo‘rayevga navbatdagi intizomiy jazo chorasini ko‘rish bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga taklif berilgan.
Holatni o‘rgangan viloyat XTB boshlig‘i o‘rinbosari U.Mamarasulov maktab jamoasi bilan suhbatda bo‘lib o‘tgan voqea hammaga dars bo‘lishi kerakligi va kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha batafsil tushuncha berildi. Ta’lim muassasasida o‘quv jarayonini qattiq nazorat qilish, ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlod etib tarbiyalashga barcha mas’ul ekanligini ta’kidladi.
Ishchi guruh a’zolari, xususan, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari U.Mamarasulov, tuman hokimi o‘rinbosari F.Omonov va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri A.Rashidov o‘quvchi M.E. yashayotgan xonadonga borib, uning holidan xabar olishdi hamda o‘quvchiga badiiy kitoblar va sport buyumlari sovg‘a qilishdi.
O‘quvchi M.E.ning otasi D.Badalboyev o‘g‘lining sog‘lig‘i yaxshi ekanligini va dushanba kunidan o‘quv mashg‘ulotlariga chiqishini bildirdi.
Ushbu holat yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov, viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, hokim o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha barcha tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari qat’iy ogohlantirildi.
Payariq tumani xalq ta’limi bo‘limi.