Pedagoglar tabaqalashtirilgan shaklda malaka oshiradi

Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda o‘z malakasini oshiradi.
Bu tartib respublika Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Joriy yildan boshlab, malaka oshirish tizimi tabaqalashtirilgan shaklga o‘tkazilib, viloyatdagi 3025 nafar oliy va birinchi toifali pedagoglarga alohida, 8540 nafar boshqa toifali (ikkinchi, mutaxassis va o‘rta maxsus ma’lumotli) pedagoglarga alohida dastur bo‘yicha malakasi oshiriladi. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- 2025 yilda viloyatda 12 ming 315 nafar pedagog xodim uzluksiz kasbiy ta’lim platformasi va menejerlik o‘quv kurslarida malaka oshiradi, - dedi viloyat Pedagogik mahorat markazi akademik faoliyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sarvar Murodov. – Ularning 1275 nafari maktabgacha ta’lim va 10 ming 290 nafari maktab ta’limi o‘qituvchilari, 500 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, 250 nafar maktab direktorlaridir. Joriy yilning birinchi choragida 3698 nafar pedagoglarning malaka oshirishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3739 nafar (101 foiz) pedagog malaka oshirdi.
Yana bir muhim yangiliklardan biri o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va kasbiy mahoratini oshirish uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ta’lim muassasalari pedagoglari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari joriy etilganidir.
Viloyatda tashkil etilgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlariga aniq fanlar (matematika va informatika), tabiiy fanlar (fizika, biologiya, kimyo, geografiya), boshlang‘ich ta’lim va ingliz tili yo‘nalishlari bo‘yicha jami 182 ta tayanch maktablariga 16 nafar master-trener, 194 nafar mentor-trener, 5020 nafar yetakchi o‘qituvchilar va 26043 nafar fan o‘qituvchilari jalb etilgan.
Viloyatda “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha 34 ta tayanch maktabgacha ta’lim muassasasida 2 nafar master-trener, 34 nafar mentor-trener, 764 nafar yetakchi-tarbiyachilar va 10838 nafar tarbiyachilar jalb etilgan.