Pekinda aniqlangan koronavirusning yuqimlilik darajasi Uxandagidan yuqoriroq ekanligi aytilmoqda
Pekindagi ulgurji savdo bozorida aniqlangan koronavirusning yuqimlilik darajasi Uxanda aniqlangan virusdan yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda Uxan universiteti virusologiya bo‘limi professori Yan Chjansyu ma’lum qildi.
“Evolyusiya jarayonida viruslar yoki zaiflashadi yoki kuchayadi. Biroq mening fikrimcha, “Sinfadi” bozorida aniqlangan koronavirusning yuqimlilik darajasi Uxan bozorida aniqlangan koronavirusdan yuqoriroq”, deya ta’kidladi mutaxassis “Xuansyu shibao” gazetasiga bergan intervyuda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Uxan sog‘liqni saqlash vazirligi yangi virus haqida 2019 yilning dekabr oyida xabar bergan. 2020 yilning 17 yanvar holatiga kelib, 62 nafar kasallik aniqlangan. Mazkur ko‘rsatkich ayni vaqtda Pekinda qayd etilgan ko‘satgich bilan deyarli bir xil. Biroq Uxandagi epidemiya, kasallik tarqalishiga yaxshi sharoit yaratib bergan qish faslida vujudga kelgan. Pekindagi holat esa kasallik tarqalishining keskin kamayishiga sabab bo‘ladigan yoz oylariga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, Uxandagi holat bo‘yicha hukumat hech qanday tajribaga ega bo‘lmagan bo‘lsa, ayni vaqtda esa barcha sharoitlar yaratilgan. Biroq shunga qaramasdan, Uxandagi kasallanish tarqalish holati bilan Pekindagi holat deyarli bir xil ko‘rsatkichga ega.
Shuningdek, mutaxassis virusning yangi o‘choqlari va shtammlarining paydo bo‘lishi vaksina yaratalishidagi tadqiqotlarni qiyinlashtirib yuborishini aytib o‘tdi.