Penitsilinni kashf etgan mikrobiolog qanday bu darajaga yetganini bilasizmi?

XX asrning boshlarida shotlandiyalik bir fermer uyiga qaytayotgandi. Botqoqlik yonidan o‘tayotib, to‘satdan yordamga chaqirayotgan ovozni eshitib qoldi. Fermer ovozga qarab yugurdi va botqoqdan chiqishga urinayotgan bolani ko‘rdi. Tezda daraxt shoxini kesib olib, ehtiyotkorlik bilan yaqinlashdi va uni cho‘kayotgan bolaga uzatdi. Bola tashqariga chiqqach, uzoq vaqt ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi, uning butun vujudi titrab ketardi.

- Yur mening uyimga boramiz, - dedi fermer. – Tinchlanib, isinib olasan.

- Yo‘q, yo‘q, - bola bosh chayqadi, - otam meni kutayapti. U juda xavotirlanayotgandir.

Xaloskoriga rahmat deb bola chopib ketdi. ...Ertalab fermer uyi oldiga zambil otlar ortilgan arava kelib to‘xtadi. Aravadan yaxshi kiyingan zodagon tushdi va so‘radi:

-  Kecha meni o‘g‘limni qutqargan kishi sizmisiz?

-  Ha, men – javob berdi fermer.

-  Sizdan qancha qarzim bor?

-  Janob meni xafa qilmang. Siz mendan qarzdor emassiz. Men oddiy odam qilishi kerak bo‘lgan narsani qildim.

- Yo‘q, men buni shunday qoldirolmayman, o‘g‘lim men uchun juda aziz. Istagan miqdordagi pulni ayting, deb turib oldi mehmon.

- Bu haqda boshqa gaplashishni istamayman. Xayr, - deb ketayotgandi fermer, shu payt uning o‘g‘ilchasi ayvonga chiqib qoldi.

- Bu sizning o‘g‘lingizmi? – so‘radi mehmon.

- Ha, mamnunlik bilan javob qaytardi fermer o‘g‘lining boshini silab.

- Keling bunday qilamiz. Men o‘g‘lingizni o‘zim bilan Londonga olib boraman va uni o‘qitib, ta’limi uchun pul to‘layman. Agar u otasi kabi olijanob bo‘lib chiqsa, bu qarordan siz ham, men ham pushaymon bo‘lmaymiz.

Oradan necha yil o‘tdi. Fermerning o‘g‘li o‘rta maktabni, keyin tibbiyot universitetini tugatdi va ko‘p o‘tmay u penitsilinni kashf etgan mikrobiolog nomi bilan dunyoga mashhur bo‘ldi. Uning ismi Aleksandr Flemming edi.

Urushdan bir oz oldin, o‘sha jentelmenning o‘g‘li pnevmoniyaning og‘ir shakli bilan London klinikalaridan biriga tushdi. Qizig‘i, bu safar uning hayotini aynan doktor Flemming tomonidan kashf etilgan penitsillin qutqardi.

Flemmingni o‘qitgan janobning ismi Randolf Cherchil, uning o‘g‘li esa keyinchalik Angliya Bosh vaziri bo‘lgan Uinston Cherchil edi

Ehtimol Uinston Cherchil shu voqealarni eslab: “Qilgan yaxshiliklaringiz albatta o‘zingizga qaytadi”, degan bo‘lsa kerak.

Internet materiallari asosida,

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.