Perinatal markazda yangi uskuna yana bir nogironlikning oldini oladi
Viloyat perinatal markaziga qiymati 1 milliard 500 million so‘m bo‘lgan tibbiy uskuna - pediatrik neonatal retinal kamera topshirildi.
O‘zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklidagi "Erta tug‘ilgan chaqaloqlarni retinopoliyadan himoya qilish" loyihasi doirasida amalga oshirilgan mazkur jarayon bolalarda ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq nogironlikning oldini olishga xizmat qiladi.
Zamonaviy uskunalar Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi viloyat bo‘limi, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi vakillari tomonidan viloyat perinatal markaziga topshirildi.
- Ushbu tibbiy uskuna erta tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydigan retinopatiya, ya’ni ko‘z to‘r kasalliklarining oldini olishda juda muhim, - deydi viloyat perinatal markazi bosh shifokori Lola Hamroyeva. - Chala tug‘ilgan bolalar retinopatiyasi – bu ko‘z to‘r pardaning vazoproliferativ shikastlanishi bo‘lib, faqatgina muddatidan erta tug‘ilgan bolalarda uchraydigan kasallik hisoblanadi. Kasallik natijasida ko‘z to‘r pardasi, shishasimon tana va ba’zan gavharda o‘zgarishlar kuzatiladi. O‘z vaqtida davolanmasa, ko‘z ichida chandiqlar rivojlanishi va to‘r parda ko‘chishi sababli ko‘rlikka olib keladi. Asosan tana vazni 2000 - 1500 grammdan kam, muddatidan erta tug‘ilgan bolalarda uchraydi.
O‘tgan yili chala tug‘ilgan 800 nafarga yaqin chaqaloqlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazganimizda 90 nafarga yaqinida ko‘z pardasining shikastlanishi xastaligi aniqlangan. Shu paytgacha ushbu tashxis bilan tug‘ilgan bolalarni davolashda ancha eski uskuna bilan ishlashimizga to‘g‘ri kelar, ko‘pchilikni poytaxtga jo‘natishga majbur bo‘lar edik. Endilikda ushbu zamonaviy jihoz yordamida kasallikni erta aniqlash va davolash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan, qiymati 6,5 milliard so‘mni tashkil etadigan moliyaviy mazkur loyiha doirasida respublika hamda Xorazm, Navoiy, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi perinatal markazlarni pediatrik neonatal retinal kamera bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.