Pillachilik:  Nimadan yutdik, nimani yutqazdik?

O‘zbek pillachiligida inqiroz qayerdan boshlandi? Xitoy ipak qurtiga qaramlikdan qutulish mumkinmi? Mahalliy va xorijiy navdagi ipak qurtining afzalligi va kamchiligi nimada?

Faxriy pillakor, soha fidoyisi Salohiddin Bobomurodov shu savollarga javob berdi hamda mahalliy va xorijiy ipak qurtining afzalliklari, kamchiliklari haqida gapirdi.

 

- Ipak matosi Markaziy Osiyo xalqlari uchun kabi milliy libosga aylangan dunyoga mashhur atlas, adras ishlab chiqarishda asosiy xomashyo hisoblanadi, - deydi S.Bobomurodov. - Qolaversa, ipak tolasi aviasanoat, radiotexnika, televideniye, harbiy-mudofaa sanoatida keng ishlatiladi. Lekin bu jarayonga yetish tasavvur qilganimizdak oson emas, ipak qurtiga faqat barg solib qo‘yish bilan pilla bo‘lmaydi. Haqiqiy o‘lchovi 19 gramm bo‘lgan bir quti ipak qurti besh yoshga yetganda 60 kvadrat metr joy, yetarli issiqlik lozim, vaqti-vaqti bilan shamollatish zarur. Bu ham o‘ziga yarasha ilm, tajribani talab etadi.

Ipak qurti boqishda xona harorati o‘rtacha 26 darajani talab qiladi. Agar xona harorati 20 darajadan pasayib ketsa, barg yeyish sekinlashib, 21-22 kunda tayyor bo‘ladigan ipak qurtining boqish davri 1-1,5 oyga cho‘zilib ketadi.

Pillachilik - mahsulot yetishtirish, fabrikalar ishlashi uchun bo‘ladimi yoki eksportmi, hammasiga urug‘chilik kerak. Urug‘chilik bo‘lmasa pillachilik ham bo‘lmaydi. Bu sohada urug‘chilik juda murakkab ish hisoblanadi. Chunki, bu g‘alla, paxta yoki sabzavot urug‘chiligi emas, bu jarayonda barchasi qo‘l mehnati yordamida bajariladi. Hozirgacha dunyoning birorta davlatida ipak qurti urug‘ini tayyorlash texnikalashtirilgan yoki mexanizatsiyalashtirilgan emas. Olimlar bu texnologiyani yarata olgani yo‘q. Bu jarayon to‘liq qo‘l mehnatiga asoslangani uchun pillachilikka xususiy sektor jalb qilindi. Bu juda yaxshi o‘ylangan reja bo‘ldi, lekin tadbirkorlar ko‘zlangan ish bilan to‘liq shug‘ullanmayapti. Nega? Sababi, ular kutilgandek foyda olmayapti, tadbirkorlik moddiy manfaatdorlikka asoslangan. Qo‘l mehnati ko‘p bo‘lgani uchun tannarx ortib ketyapti, tadbirkor zarar ko‘ryapti.

Yana bir asosiy muammo, avval respublikamizda 21 ta urug‘chilik korxonasi bor edi va shundan 3 tasi pilla naslchilik stansiyasi edi. Bu naslchilik stansiyalarida ipakchilik ilmiy-tekshirish institutida ishlayotgan olimlar yaratgan yangi navlar ko‘paytirilardi. Lekin aslida bu kabi ilmiy-tadqiqot stansiyalari, olimlarning ishlanmalari sir saqlangan holda davlat qaramog‘ida qolishi kerak edi, afsuski, ular xususiylashtirildi. Dunyoning birorta rivojlangan davlatida pilla naslchilik stansiyalari, olimlar yaratayotgan yangi navlar va ilmiy-tadqiqot markazlari xususiylashtirilmagan.

Tekin pishloq faqat “qopqon”da bo‘ladi

- Men o‘z vaqtida Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreyada bo‘lib pillachilikni o‘rganganman, - so‘zida davom etadi Salohiddin Bobomurodov. - Masalan, Yaponiya va Janubiy Koreyada pillachilik sohasi deyarli yo‘q, lekin naslchilik stansiyalari davlat nazoratida bugungacha ishlab turibdi. Maqsad - pillachilik butunlay yo‘q bo‘lib ketishini oldini olish. Xitoyda esa bu soha shiddat bilan rivojlanmoqda.

Samarqandda ham 3 ta yirik pilla urug‘chilik korxonasi bor edi. Kattaqo‘rg‘ondagi korxona bir yilda 40-50 ming quti pilla urug‘i tayyorlardi, biz “Samarqand pilla urug‘chiligi” korxonamizda 30-40 ming quti tayyorlardik. 1944 yilda Samarqand shahrining O‘zbekiston ko‘chasida tashkil qilingan pilla naslchilik stansiyasi respublikada eng nufuzlilaridan biri edi. Keyingi yillarda sohani tushunmaydigan mutaxassislar rahbar bo‘lib kelgach, pilla naslchilik, urug‘chilik korxonalari klasterlarga aylantirildi, keyinchalik urug‘ni Xitoydan keltirish vaji bilan bunday korxonalar tugatildi. Shu tariqa o‘z vaqtida viloyatimizning ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirib, boshqa viloyatlarga ham sotilgan pilla urug‘i endilikda Xitoyning pillasiga deyarli to‘liq qaram holiga kelib qoldi. Lekin Xitoydan pilla urug‘ini olib kelish fikri ham yomonmasdir, ammo o‘zimiznikiga muqobil shaklda bo‘lishi shart. Tashabbusga ko‘ra, Xitoydan “Elita” va “Super elita” navlari keltirilishi kerak edi, ammo hech qachon xorijdagilar boshqa davlatlarga bunday navlarni bermaydi. Agar shunday yaxshi navlar keltirilib, naslchilik yoki urug‘chilik korxonalarida ko‘paytirilganda edi, holat tamomila boshqacha bo‘lardi. Agar vaqti kelib Xitoy xorijiy davlatlarga pilla urug‘i eksportini to‘xtatsa, bizda pillachilik inqirozga uchraydi. Bunday bo‘lmasligi uchun hech bo‘lmaganda pilla naslchilik stansiyalari davlat nazoratida qolishi lozim edi.

2004 yilda tajriba tariqasida Jomboy tumanida Xitoyning “Elita” ipak qurti boqildi va bir qutisidan 60-70 kilogrammgacha pilla olindi. Shundan so‘ng hamma Xitoy pillasiga xaridor bo‘ldi. Dastlab yaxshi natija ko‘rsatilgandan so‘ng xitoylik seleksionerlar oddiy ipak qurti urug‘ini yuborishni boshlashdi.  

Yana bir masala. Mavjud pilla urug‘chilik korxonalarida ham samaradorlik pasayib ketdi. Chunki ular tasarrufidagi urug‘chilik xo‘jaliklari olindi. Masalan, “Samarqand pilla urug‘chiligi” korxonasida avval 9 ta urug‘chilik xo‘jaligi bor edi va ulardan mavsumda 100 tonnagacha pilla qabul qilardik, hozir to‘rtta qoldi. O‘sha paytda mutaxassislar borib har bir xo‘jalikda boqilayotgan pillaning holati, sharoiti bilan tanishib, har biridan 100 tadan qurt olib kelib, mikroskopda tekshirardi. Agarda biror kasallik aniqlansa, bu xo‘jalikdan urug‘lik olinmasdi. Hozir qabul qilinayotgan 20-30 tonna pilladan sifatli urug‘lik tanlab olib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, avval kuniga 300-400 nafar xotin-qiz, texnikum, kollej yoki maktab o‘quvchilari yoz faslida ta’til kunlari yengilligi uchun shu yerga kelib kapalak terib pul ishlardi. Hozir urug‘chilik korxonalari moddiy tomondan qiynalib qolgan, buncha ishchini ishlatolmaydi, korxona berayotgan maosh esa ishchilarni qoniqtirmaydi. Natijada o‘z vaqtida 30-40 ming quti pilla urug‘i tayyorlagan korxona hozirda 5-7 ming quti urug‘ tayyorlayapti, xolos. Nega? Chunki har bir dona pilla besh marotaba qo‘ldan o‘tkaziladi, saralanadi, pilla kesiladi, g‘umbagi olinadi, tekshiriladi, ajratiladi va hokazo...

Pilla naslchilik stansiyasi yopilgandan keyin “Samarqand pilla urug‘chiligi” MChJda qisman naslchilik ishlarini saqlab qolishga harakat qilyapman va ikkita korxonaning ishlarini bajaryapman.

Sohada mutaxassis kadr taqchilligi kuchaymoqda

Salohiddin akaning aytishicha, urug‘chilik korxonasida 40 dan ortiq laborant-agronom mutaxassis ishlardi, ular mikroskopda pillaning kasalligi bor-yo‘qligini aniqlab berardi, lekin kam maosh tufayli keyingi 5-7 yilda ular ishdan bo‘shab ketdi. Hozir kunlik yoki mavsumiy ishchi bu ishni uddalay olmaydi. Yosh kadrlarga keladigan bo‘lsak, Toshkent agrar universitetida pillachilik yo‘nalishida 2 ta guruhda mutaxassis tayyorlanadi, lekin ular o‘qishni bitirgach, sohada ishlamaydi, sababi mablag‘ kamligi bilan bog‘liq.  

Agrar sohada “rayonlashtirish” degan tushuncha bor. Ya’ni, har bir hududning iqlim sharoiti, relefi, yer xususiyati, sug‘orish imkoniyati, issiq-sovuqdan kelib chiqib moslangan navlar bo‘ladi. Masalan, Samarqand va Surxondaryo, vodiy yoki vohaning iqlimi butunlay boshqacha. Yoki Yaponiya, Koreya bilan bizning iqlimiz tamomila farqli. Shuning uchun ulardagi kabi bizda ham yilda to‘rt marotaba qurt boqishni targ‘ib qilishdi, bizdagi issiq tufayli barg dag‘allashib ketishini inobatga olishmadi. Aslida bu tajriba 1960 yillarda o‘zimizning olimlarimiz tomonidan sinab ko‘rilgan amaliyot edi. Faqat ob-havoning 40 darajagacha isishi, bargning qotib qolishi, chang va boshqa zarralar tufayli ipak qurti bargni yeyolmaydi, hosil ham 25-30 kilogrammdan oshmasdan, o‘z tannarxini ham qoplamaganligi uchun faqat bahor mavsumida yilda bir marta boqish mumkinligi isbotlangan. Men 2012 yilda Xitoydan 2 ming tup tut keltirib o‘stirdim, ammo tutlar qishki iliq havoda barg chiqarib so‘ng havo sovuganda nobud bo‘ldi. O‘zimizning “Jarariq”, “O‘zbekiston”, “G‘alaba” navli tutlarimiz iqlimga moslashgan.

O‘tgan yili respublikadan soha mutaxassislari tajriba amashish doirasida Vetnamga borib kelishdi va ularning usulida 22 daraja haroratda qurt boqishni yo‘lga qo‘yishni aytishyapti. Axir bizning iqlimda qurt o‘rtacha 26-27 daraja haroratda boqiladi, mabodo harorat 22 daraja bo‘lsa, u holda mavsum 20 kun emas, ikki oyga cho‘zilib ketadi.

Xitoydan keltirilgan pillaning bir donasi o‘rtacha 1 gramm, o‘zimizning mahalliy ipak qurti 1,8-2,2 grammgacha og‘irlikda bo‘ladi. Xitoyning pillasi qutisidan 60 kilogramdan pilla olindi, deb hisobot berishadi, aslida bu yolg‘on, anig‘i esa qutisidan 30-35 kilogrammdan pilla olinadi, tola sifati ham deyarli bir xil. Joriy yilda Xitoyning bir quti ipak qurti 160 mingdan so‘mdan import qilindi, mahalliy ipak qurti xarajatlar ortgani hisobiga 130 ming so‘mdan baholandi. Agar sohaga davlat tomonidan subsidiya yoki dotatsiya berilib, xarajat kamaysa, bu narxlar bir qutisiga 80-100 ming so‘mgacha pasayadi.      

O‘ktam XUDOYBERDIYeV yozib oldi.