PISA dasturi bo‘yicha tayyorgarlik boshlandimi?
2018 yil 12 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti o‘rtasida xalqaro talabalar bilimini baholash (PISA) dasturida ishtirok etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgandi.
Dastur 1997 yilda joriy etilgan bo‘lib, har uch yilda bir marta o‘tkazib kelinadi. Birinchi marta 2000 yilda 43 mamlakat o‘quvchi-yoshlari o‘z bilimlarini sinab ko‘rgan bo‘lsa, 2018 yilda 78 ta mamlakat qatnashdi. 2021 yilda ishtirokchi davlatlar orasida O‘zbekiston ham bo‘ladi.
Xo‘sh, bu dasturda ishtirok etish uchun bugun Samarqand shahridagi maktablarda qanday tayyorgarlik ishlari bajarilmoqda?
– 2021 yilda PISA dasturi asosida o‘tkaziladigan test sinovlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz, - deydi Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi ta’lim sifati monitoringi bosh inspektor-metodisti Norbek Nuriddinov. – Shahrimizdagi 80 ta xalq ta’limi muassasasini PISA dasturiga tayyorlash yuzasidan 1-IDUM va 24-umumiy o‘rta ta’lim maktablari tayanch maktab sifatida tanlab olingan. Mazkur maktablarning tajribali o‘qituvchilari boshqa maktablarda dastur bo‘yicha seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadi, hamkasblariga amaliy yordam beradi.
– Dastur bo‘yicha joriy yilning aprel oyida viloyatimizdagi barcha maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida seminar o‘tkazgandik, - deydi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabidan mas’ul, PISA bo‘yicha trening o‘qituvchi Gavhar Pardayeva. – Seminarda dasturning maqsadi, vazifasi, maktablarda uni joriy etish bo‘yicha tashkiliy ishlar haqida tushuncha berildi. 1 avgustdan 10 avgustgacha Samarqand shahridagi maktablarda dastur bo‘yicha mas’ul o‘qituvchilarga amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Ular o‘n kun davomida o‘rganganlarini maktablaridagi hamkasblariga o‘rgatishdi.
Samarqand shahridagi maktablarda bo‘lganimizda afsuski, jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotganga o‘xshamadi. Aksincha, qiziq “hangoma”larga duch keldik. Jumladan, 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida PISA dasturi asosida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar rejalashtirilgan. Ammo o‘quvchilar dastur bo‘yicha yetarli tushunchaga ega emas. Ular faqat PISA dasturi haqida eshitgan, xolos. Maktabda «Mana bu namunaviy test asosida o‘quvchilarga tushuntirdim» yoki «O‘quvchilarimning test bo‘yicha ko‘nikmasi mana bu darajaga yetdi», degan birorta o‘qituvchi topilmadi. Maktab direktori Farrux Boltayev esa yuqoridagi holatlarni o‘quv yilining boshida o‘qituvchilar biroz tayyor emasligi bilan izohladi.
PISA dasturi nima o‘zi? U bizga nima uchun kerak?
PISA – o‘quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur bo‘lib, dasturning asosiy maqsadi 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajalarini turli xil testlar ko‘rinishida baholashdan iborat. Ushbu loyiha o‘quvchi-yoshlarning ijodiy va tanqidiy fikrlashi, olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlariga baho berish va keyinchalik bu ko‘nikmalarni ularda hosil qilishga undashdir. Bu dasturda qatnashish testlarni o‘tkazish yoki o‘quvchilarni testga tayyorlash emas, bugungi kun talablariga javob beradigan, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash.
- PISA dasturi testlari ustida 9-10 sinf o‘quvchilari bilan ishlayapmiz, - deydi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nigora Suyarova. – Dars mashg‘ulotlari davomida o‘quvchilar bilan bu borada muntazam shug‘ullanayapmiz.
Anglaganingizdek, bu o‘quvchilar ayni paytda ham dasturda belgilanganidan 1-2 yosh katta. Ular 2021 yildagi testda qatnasholmasligi kunday ravshan.
13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ra’no Boboyorovaga maktabga kelishimizdan maqsadimizni aytganimizda, u ayni paytda barcha o‘rinbosarlari “gorona”ga yig‘ilishga ketganligi, o‘zi esa hokimiyatda shahar maktablari direktorlari bilan bo‘layotgan yig‘ilishga shoshilayotganligi sababli dastur bo‘yicha ma’lumot bera olmasligini aytdi. Qizig‘i, u yerdan chiqib 35-maktabga borganimizda maktab direktori o‘z xonasida edi.
- 2021 yildagi PISA testi ishtirokchilari asosan hozirgi 7-sinf o‘quvchilari, - deydi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Umida Po‘latova. – Biz ular bilan fanlar bo‘yicha namunaviy testlar ustida ishlayapmiz. Qolaversa, ushbu testning samaradorligini inobatga olib, qolgan yuqori sinflarda ham mashg‘ulotlar o‘tkazyapmiz.
– O‘zim robototexnikaga qiziqaman, mantiqiy fikrlash bilan bog‘liq mashg‘ulotlarga ishtiyoqim baland, - deydi shu maktabning 8-sinf o‘quvchisi Murod Abdurashidov. - Oddiy testlarda aniq savolga aniq javob. PISA testlari esa mantiqiy fikrlash, o‘ylashga undar ekan. Menga ma’qul keldi.
45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi dastur bo‘yicha bu borada o‘quvchilarga tushuncha berilayotgani, ammo ishlar qoniqarli emasligini aytib qo‘ya qolishdi.
Dasturda ishtirok etish uchun shartnoma imzolanganiga bir yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi va o‘quvchilarining bilimi, tartib-intizomi bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan maktablarda ahvol shunday bo‘lsa, qolgan tuman xalq ta’limi bo‘limlari va maktablarda ahvol qanday?
Xo‘sh, shusiz ham maktab o‘quvchilarining bilim saviyasi bo‘yicha respublikada 13-o‘rinda turgan Samarqand bunday yondashuv bilan 2021 yilda o‘tkaziladigan PISA test sinovlarida qanday natija qayd etadi?
Yana bir gap, biz borgan maktablarning aksariyati yolg‘on ma’lumot berishga, dasturga tayyorgarlik jarayonining yaxshi olib borilayotganiga bizni ishontirishga harakat qildi. Ayting-chi, bu bilan nima o‘zgaradi? 2021 yilda g‘alvir suvdan ko‘tarilganda bundan kim manfaat ko‘radi?
Olim SONNIBOYeV.