Piyozning soxta un-shudring kasalligi va unga qarshi qanday kurashiladi?

Piyozning soxta un-shudring (mildyu, peronosporoz) kasalligini Peronospora destructor Casp. zamburug‘i qo‘zg‘atadi. Zamburug‘ piyozni, kam hollarda sarimsoqni zararlaydi. Patogen piyozboshlarda ularni chiritmasdan, mitseliy shaklida va o‘simlik qoldiqlarida osporalari yordamida qishlaydi. Urug‘lik olish uchun ekilgan piyozboshi o‘sganida, kasallikning diffuz shakli rivojlanadi - o‘simlik bilan birga zamburug‘ning mitseliysi ham o‘sadi va barcha to‘qimalarga tarqaladi. Kasal o‘simlikning barglari och-yashil, so‘ngra sarg‘ish tus oladi, ustida oldin oq, keyin kulrang-binafsha tus oluvchi yupqa mog‘or qatlami hosil bo‘ladi. Deyarli har doim patogenning mog‘ori ustida qora mog‘or hosil qiluvchi ikkilamchi saprotrof zamburug‘lar rivojlanadi. Zararlangan barglar sarg‘ayadi va so‘ladi, o‘qbarglar sinadi. Diffuz zararlangan o‘simliklarda ko‘plab sporalar rivojlanadi, ular shamol bilan tarqaladi va shabnam yoki yomg‘ir tomchilari mavjudligida sog‘lom ekinlarni zararlaydi. O‘suv davrida patogen 7 tagacha avlod beradi.
Piyozdagi peronosporoz O‘zbekistonda ham qayd etilgan va u urug‘lik ekinlar uchun katta xavf tug‘diradi. Ammo patogenning ob-havoga nisbatan talablarini tashxis qilsak, kasallik rivojlanishi uchun mamlakatimizda imkoniyat chegaralangan, degan xulosaga kelamiz. Peronosporoz kuchli rivojlanishi uchun tez-tez va ko‘p yomg‘ir yog‘ishi va havo harorati 10-15 daraja bo‘lishi qulay hisoblanadi, 25 daraja va undan yuqori haroratda kasallik rivojlanmaydi. Peronosporozga chidamli piyoz navlari mavjud emas.
Kurash choralari:
▶️ har 4 yildan so‘ng piyoz o‘sha dalaga joylashtiriladigan almashlab ekishni joriy qilish (ertagi karam, bodring, pomidor, kuzgi g‘alla va yoz bo‘yi ekilmagan shudgor piyoz uchun yaxshi o‘tmishdoshlar hisoblanadi);
▶️ ekinni shamol uchun ochiq, oftob yaxshi tegadigan dalalarga joylashtirish;
▶️ urug‘lik va piyozbosh hosili uchun ajratilgan dalalarni bir-biridan uzoqroq joylashtirish;
▶️ elementlar balansi saqlangan o‘g‘it berish;
▶️ zararlangan o‘simliklarni yulib, daladan chiqarib tashlash;
▶️ begona o‘tlarga qarshi gerbitsid purkash;
▶️ o‘simlik qoldiqlarini daladan chiqarib, yo‘qotish;
▶️ urug‘lik ekinlarga, zaruriyatga qarab 3-4 martagacha fungitsid purkash;
▶️ piyozboshlarni omborxonaga qo‘yishdan oldin tashqi po‘stlog‘ining namligi 14-16 foiz bo‘lgunicha quritish;
▶️ omborxonani dezinfeksiyalash;
▶️ urug‘lik olish uchun ekishga mo‘ljallangan piyozboshlarni kuzda (yoki bahorda) 10-14 kun davomida, kuniga 8 soatdan, 40-43 daraja haroratda qizdirish, ekishdan oldin samarali fungitsid (Vitavaks 200FF, 2-4 l/t) bilan dorilash tavsiya qilinadi.