Pochta tizimini daromadli sohaga aylantirish choralari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 oktyabr kuni milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish uchun pochta tizimini daromad keltiradigan sohaga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Xususiy operatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etish orqali pochta bo‘limlari daromadini oshirish mumkinligi aytildi.

Yig‘ilishda yakuniy manzilga yetkazish tizimini tumanlarda tajribadan o‘tkazib, kelgusi yil 1 martdan viloyat markazlarida, 1 iyuldan mamlakat bo‘yicha joriy etish rejasi belgilandi. Buning uchun jo‘natmalarni qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizimini ishga tushirish kerakligi ta’kidlandi.

So‘nggi to‘rt yilda “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot tarqatish hajmi 3 barobarga kamayib, uning jami matbuot tarqatishdagi ulushi 13 foizni tashkil etmoqda.

Mutasaddilarga bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash uchun matbuot tarqatish tizimini rivojlantirish, davriy nashrlarga onlayn obuna xizmatini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.