Pokistondan zararlangan mandarin import qilingani rostmi?

Viloyatimizda 284 gektar maydondagi 184 ta issiqxonada ekilgan pomidordan 425 tonna, 56 gektar bodringdan 323 tonna, 12 gektar bulg‘or qalampiridan 41 tonna, 3 gektar ko‘katdan 7 tonna, 36 gektar limondan 206 tonna va 11 gektar boshqa ekinlardan 80 tonna mahsulot olish rejalashtirilgan.

Bu haqda viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Hozirgi kunda viloyatda 93 ta o‘simliklar klinikasi va 32 ta biolaboratoriya tashkil etilgan. 2021 yilda respublika agrokimyoviy tahlil markazi va viloyatlarda filiallari tashkil etilgan. Ushbu markazda toksikologik, radiologik, mineral o‘g‘itlar (kimyoviy hamda organik o‘g‘itlar),  tuproq tahlidan 22 xildan ortiq elementlari aniqlanadi.

Joriy yilda viloyat agrokimyoviy tahlil markazi tomonidan 902 ta fermer xo‘jalik tasarrufidagi qariyb 40 ming gektar yer maydonida tuproq namunasi olingan.      

-  Yil davomida boshqarmamiz tomonidan import bo‘lib kirib kelgan karantinosti mahsulotlari nazoratdan o‘tkazishda 4 holatda noqonuniy kirib kelgan va zararlangan organizmlar aniqlandi, - deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mirfayoz Mallayev. – Bularda 6 ming dona olxo‘ri ko‘chatida “Plompoks virus”, karantin ruxsatnomasida ko‘rsatilmagan 86 dona “Kamilya” guli, 10 dona “Padub” ko‘chati, 100 dona atirgul ko‘chatida zararli organizmlar aniqlandi va zaruriy choralar ko‘rildi.

Shu kunlarda Pokistondan zararlangan mandarin import qilingani haqidagi xabarlar bo‘yicha o‘rganib ko‘rilganda aslida hech qanday ruxsatnomasi bo‘lmagan noqonuniy tadbirkorlar bu mahsulotni sotganligi oydinlashdi va mas’ul mutaxassislar pokistonlik hamkasblarimizga tizimdagi yangiliklar va onlayn muvofiqlik sertifikati berishni o‘rgatib qaytishdi. Hozirgacha 18 ta davlat bilan “Ye fito” ATT tizimi yo‘lga qo‘yilgan va integratsiya qilingan, 4 ta davlat karantin idorasining veb-saytlari orqali onlayn ma’lumot almashish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgacha viloyatimizdan eksport qilingan 215 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari ro‘yxatga olindi. Xorijiy xaridorlar asosan xalqaro “Organik” sertifikatiga ega bo‘lgan tabiiy mahsulotni istashadi. Bu sertifikati bor yetishtiruvchi mahsulotini 10 dollardan sota oladi, boshqalar esa 2 dollardan sotiladi. Ammo, bu oson ish emas. Shu bois, organik mahsulot yetishtirishga ko‘maklashish uchun Germaniyadan mutaxassis jalb etildi. Yana Koreya Respublikasi bilan uzumni, Xitoy bilan o‘rik, shaftoli kabi danakli mevalarni eksport qilish bo‘yicha shartnoma tuzildi.

O‘.XUDOYBERDIYeV.