Poliklinikada karantinga amal qilinmoqda

Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 19-oilaviy poliklinikada karantin davrida ham ish to‘xtab qolgani yo‘q. Dahbet shaharchasida joylashgan mazkur tibbiyot muassasasida 8 ta shifokor, 26 ta tibbiyot hamshiralari aholi salomatligi uchun qayg‘urib kelishmoqda.

Poliklinikaning patronaj hamshiralari o‘zlariga birkitilgan hududdagi surunkali kasalligi bo‘lgan bemorlar, nogiron, keksa, homilador ayollar hamda yosh bolalar holidan telefon orqali muntazam xabar olib kelishmoqda. Uyda karantinga olinganlar bilan esa kuniga ikki marta ertalab va kechqurun aloqa vositalari orqali xabardor bo‘linmoqda. Poliklinikaga zarur bo‘lgan holda kelgan bemorlar zararsizlantirilgan xonada tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kerakli muolajalar qilinmoqda.

Oilaviy poliklinikaga kuniga besh-olti nafar bemorlar qon bosimi oshishi, yurak sanchishi, qo‘l va oyoq og‘riqlar bilan murojaat qiladi. Shu jumladan, ayrim ota-onalar o‘z farzandlarini shamollash va boshqa yengil kasalliklar bilan og‘riganda olib kelishadi. Hozirgacha o‘tkir yuqumli kasalliklari bo‘lgan bemorlar aniqlangani yo‘q. Poliklinika qoshida joylashgan tez tibbiy yordam punktiga kuniga 10-13 taga chaqiriq bo‘lmoqda. 

- Muassasamizda tajribali shifokor va hamshiralardan navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, kelgan bemorlarning qo‘llarini antiseptik vositalar yordamida tozalab, so‘ngra ichkari kiritishmoqda, - deydi oilaviy poliklinika mudiri Dilnoza Hamroyeva. – Shuningdek, barcha xonalar, tez tibbiy yordam xonalari kuniga ikki marta dezinfeksiya qilinmoqda.

Oilaviy poliklinikaning To‘rtayg‘ir hududiy filialiga keluvchi bemorlar soni ham ancha kamaygan. Bemorlar chaqirig‘iga ko‘ra, shifokorlar «tez yordam» mashinasida borib zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishmoqda. Og‘ir holatdagi bemorlar esa tuman markaziy shifoxonasiga yetkazilyapti.

- Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlarini karantin holatiga o‘tkazmasdan ilgari amalga oshirgan edik, - deydi shifokor Guli Elmurodova. – Hozirda ko‘rsatma asosida faqat qizamiq kasalligiga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Shunda ham karantin qoidasiga qattiq amal qilgan holda bolalarni alohida-alohida qabul qilib, kuniga 10 nafar chaqaloq emlanyapti.

Tibbiyot muassasasi bo‘lsa-da, karantin qoidasiga qat’iy amal qilish barchamiz zarur.

Dilmurod TO‘XTAYeV.