Polvon ayollar, sportchi xotin-qizlar qachon ko‘payadi?

Xotin-qizlar salomatligi uchun qayg‘urish har qanday davrda ham dolzarb yumush bo‘lib kelgan. Negaki, sog‘lom avlodning dunyoga kelishi va kamolga yetishida ayollarimiz, onalarimizning o‘rnini hech narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Buning uchun ular o‘rtasida sport va jismoniy madaniyatni targ‘ib etish katta naf beradi.
Xo‘sh, xotin-qizlarni sportga jalb etishda ahvol qanday?
Ochig‘i, bu borada kamchiliklar yo‘q emas. Ammo bugungi harakatlar bu kamchiliklarni tuzatish, muammolarga yechim topishga qaratilgan.
Uzoqqa bormaylik, bu holatni Samarqand davlat universiteti misolida ko‘raylik. Universitetimizning jismoniy madaniyat fakultetida 40 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi. Afsuski, ularning atigi 4 nafari, ya’ni o‘ntadan bittasi ayol kishi.
O‘qituvchining erkak yoki ayol bo‘lishining nima ahamiyati bor, dars o‘tayotgan bo‘lsa bo‘ldi-da, deydiganlar ham topiladi. Shu paytgacha masalaning yechimiga bu tarzda qaraganimiz rost. Endi esa yo‘q. Shu paytgacha talabalarimizning gender tarkibiga e’tibor berilmagan bo‘lsa, endi berilishi kerak.
Universitet kunduzgi bo‘lim bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan 15 222 talabaning 7517 nafarini, ya’ni qariyb ellik foizini qizlar tashkil etadi. Endigina balog‘at yoshiga yetgan talaba-qizlarga jismoniy madaniyatni erkak kishi ham o‘rgatishi mumkin bo‘lar, ammo sportni emas. Musulmonchilik nuqtai nazaridan ham bu to‘g‘ri kelmaydi. Shu ma’noda, bugun sportdan ta’lim beradigan o‘qituvchilar orasida ayol kishilarni jiddiy ravishda ko‘paytirish kerak.
Shu manzarani maktablarda ham kuzatamiz. Bir faktga e’tiborni qarataylik, Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda viloyatdagi 1255 maktabda 3371 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi faoliyat olib bormoqda. Ularning 736 nafari ayol kishi. Bu har 5 murabbiydan biri ayol o‘qituvchi deganidir. Keltirilgan ma’lumotlar ham jismoniy tarbiya va sport sohasida murabbiylik qilayotganlar orasida ayollar sonini ko‘paytirish kerak, degan fikrning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaydi.
Harqalay, keyingi besh yilda sport ta’limiga munosabat o‘zgardi. Samarqand davlat universiteti jismoniy madaniyat fakultetiga bu yilgi qabul jarayonini tahlil qilib, ijodiy imtihonlarni kuzatib, amin bo‘ldimki, bu boradagi ishlar o‘z samarasini beryapti. E’tibor bering: Samarqand davlat universitetida ochilgan “sport faoliyati: xotin-qizlar sporti” yo‘nalishida hozirda 217 talaba qiz tahsil olmoqda. Ushbu yo‘nalishga bu yil ajratilgan 50 ta o‘ringa 168 abituriyent qiz da’vogarlik qildi. Universitet qoshidagi O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti jismoniy madaniyat fakulteti kunduzgi bo‘limiga 50 ta o‘rin ajratilgan va unga 1036 nafar, sirtqi bo‘limidagi 50 o‘ringa 814 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Bu mamlakatimizda xotin-qizlarning sportga qiziqishi oshayotganidan, joylarda esa ayol sport murabbiylariga ehtiyojning yuqoriligidan dalolat beradi.
Ijodiy imtihonlar jarayonidagi ayrim holatlar to‘g‘risida ham gapirishga to‘g‘ri keladi.
Birinchidan, qabul jarayonlariga raqamli texnologiyalarning tatbiq etilishi va bu jarayondagi shaffoflik ota-onalarning “Biz yordam bermasak, bolalarimiz o‘qishga kira olmaydi”, degan tushunchasi o‘rnini “Davlat imtihonlar jarayoni nazoratini shu darajada kuchaytiribdiki, endi g‘irromlikka, nopok yo‘llarga o‘rin qolmabdi”, degan fikri egallayotganini ko‘rsatdi.
Ikkinchidan, kunduzgi bo‘limga talabgor abituriyentlar qabul chog‘ida topshiriladigan sportning har bir turi bo‘yicha normativlarni oldindan bilishi va shunga qarab tayyorgarlik ko‘rishlari ma’lum. Ammo sirtqi bo‘limga ariza bergan abituriyentlarning imtihon topshirishlari hayratlanarli bo‘ldi. Ularning ayrimlarining yoshi katta – oilali, farzandli bo‘lishiga qaramasdan, imtihonlarni normativlar asosida topshirishga jon-jahdi bilan intildi.
Yana bir e’tiborli jihat, universitetda tahsil olayotgan sportchi talaba qizlar musobaqalarda munosib ishtirok etmoqda. Masalan, yaqinda Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida jismoniy madaniyat fakulteti 1-kurs talabalari Sitora Turdibekova birinchi, Navbahor Hamidova ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 4-7 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan sambo bo‘yicha Osiyo chempionatida shu fakultet talabasi E’zoza Abdumo‘minova oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo chempioni bo‘ldi.
Sportni ommalashtirish va bu orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish ishlari shu tarzda ta’lim muassasalari doirasidan oilalarga, mahallalarga ko‘chadi. Undan mintaqalar va respublika darajasiga chiqib, ommaviy harakatga, maqsadga aylanadi.
Zebiniso Rahmonova,
Samarqand davlat universiteti prorektori.