Pora

Yakshanba kuni Olim tergovchining darvozasi taqilladi. Darvoza eshigini ochgan o‘g‘lining qo‘liga o‘rta yosh kishi konvert tutqazib ketdi.

Olim tergovchi o‘g‘li olib kelgan konvertni ochib, ichidagi dollarlarni ko‘rdi-yu «Yana kelishibdi-da», deya xayolidan o‘tkazdi.

U tuman avtoyo‘l boshlig‘ining o‘g‘li "ishi" bo‘yicha tergov qilayotgandi. 21 yashar yigit mashinani katta tezlikda haydab, 6 nafar o‘quvchini urib yuborgan. Ulardan bittasi halok bo‘lgan, 5 nafari shifoxonada edi. Shuning uchun bu ishni silliqqina qilib, yopish evaziga avtoyo‘l boshlig‘i kattagina pul taklif qilayotgandi. Bir necha marta ishxonasiga ham bordi, ammo Olim jerkib qaytarib yuborgandi. Bu gal uyiga tashlab ketishdi, mana.

Tergovchi konvertni uydagi shkaf tortmasiga soldi. Krovatiga o‘tirib, o‘yladi. Mashina olaman deb anchadan beri pul yig‘ib yurgandi, biroq hech ko‘zlaganiga yetmayapti. Balki pulni olsa, yetmay turgan kami to‘lib, mashinali bo‘larmidi?..

Pulning yuzi issiq emasmi, ichki bir ovoz ularni olishga undardi, ikkinchi bir ovoz esa otasining nasihatini esiga solardi: «Harom luqma yemagin bolam, aks holda bolalaringga ursa, keyin uning alamiga chidolmaysan».

Shu payt tashqaridan mashina tormozining chiyillagan ovozi eshitildi. Olim ko‘chada kuchukchasi bilan o‘ynayotgan kichik o‘g‘ilchasini esladi-yu, uydan yashin tezligida otilib chiqdi.

Ko‘cha yuzida mashina turtib ketgan kuchukcha jonsiz yotardi, yo‘l chetiga yiqilgan o‘g‘lining esa oyog‘i shilingan ekan. Qo‘rqqanidan qochishga ulgurgan mashinaning raqamlarini ko‘rishga ulgurmadi. Olim tezda o‘g‘lini ko‘tarib, uyga olib kirdi. Uning shilingan oyog‘iga malham surtarkan, o‘ziga o‘zi dedi:

- Ertaga pullarni olib borib beraman, ular bolalarimdan aziz emas!

Feruza Rahmonqulova.