Bir kvadrat kilometrga ikki kishi: Dunyodagi aholisi siyrak davlatlar
Islandiya
Ro‘yxatimizni dunyodagi eng xavfsiz mamlakat hisoblanadigan Islandiya ochib beradi. Islandiya Shimoliy qutb yaqinidagi sivilizatsiyadan uzoqda joylashgan orol bo‘lib, uning materikka kirish imkoni yo‘q. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Islandiyada aholi zichligi juda past. Hududi 103 ming 125 kvadrat kilometr bo‘lgan davlatda 321857 nafar kishi yashaydi. Bu bir kilometrga 3 kishi to‘g‘ri keladi, degani.
Surinam
Janubiy Amerikaning Atlantika okeani qirg‘og‘ida joylashgan Surinamda juda kam odam bor. Mamlakatning milliy va diniy tarkibi ham hayratlanarli darajada bo‘lib, 49,6 foizini xristianlar, 22,3 foizini hinduizm e’tiqodidagi kishilar va 13,8 foizini islom dinidagi odamlar tashkil qiladi. Milliy tarkib esa 37,4 foiz afrosurinamlar, 27,4 foiz hindular va 13,78 foiz yavaliklardan iborat.
Aholi zichligiga keladigan bo‘lsak, mamlakat juda kichik va sust rivojlanishi sababli bu yerdagi 163,270 kvadrat kilometrda atigi 486 ming 618 kishi yashaydi. Bu bir kvadrat kilometrga 3 kishi to‘g‘ri kelishining dolalatidir.
Avstraliya
Davlatning bu ro‘yxatda bo‘lishi kutilmagan hol. Axir, Avstraliyada Melburn yoki Sidney kabi yirik shaharlar bor-da. Darhol buni aniqlashga kirishamiz.
Sidney, Melburn, Kanberra, Adelaida va boshqa yirik Avstraliya shaharlari okean qirg‘oqda joylashgan. Xo‘sh, qit’aning o‘rtasida-chi? U yerda nimalar bor o‘zi? Javob juda oddiy: Avstraliyada cho‘llar ko‘p va mamlakatning katta qismi qumlar bilan qoplangan, shu sababli odamlar faqat qirg‘oq bo‘yida yashashadi. Shu tarzda Avstraliyadagi 7 692 024 kvadrat kilometr maydonda 25 901 900 kishi yashaydi. Bu har kvadrat kilometrga aholining o‘rtacha zichligi 3 kishi tashkil qilishini anglatadi.
Namibiya
Namibiya Afrikaning janubida joylashgan va u yerda asosan cho‘llar va savannalar mavjud. Xalqining o‘zi asosan ko‘chmanchilardan iborat bo‘lsa-da, shaharlardagi doimiy yashovchi aholi Afrikaning boshqa mamlakatlari aholisiga qaraganda boy, shaharlar esa zamonaviydir. Mamlakatda 2,6 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Namibiya 824 000 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Davlat siyrak aholi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi, chunki 1 kvadrat kilometrga aholisining zichligi atigi 3 kishi to‘g‘ri kelmoqda.
Mongoliya
Bir vaqtlar dunyodagi eng yirik imperiya hisoblangan Mongoliya hozirda ham juda katta davlat, lekin aholisi juda kam. Mo‘g‘uliston hududi 1 564 116 kvadrat kilometrdan iborat. Aholisi esa 3 400 948 kishini tashkil qiladi. Ya’ni, o‘rtacha har bir kilometrga taxminan 2 kishi to‘g‘ri keladi.
Mamlakat aholisining taxminan to‘rtdan bir qismi ko‘chmanchi sifatida yashaydi. Davlat modernizatsiya qilinib kelinayotgan bo‘lsa-da, hanuzgacha mo‘g‘ul madaniyatining ajralmas qismi bo‘lib kelgan bunday turmush tarzini qadrlab kelayotgan avlodlar davomchilarining ko‘pchiligi hali ham shunday hayot tarzini tanlab kelmoqda.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.