Quyosh panellarini o‘rnatish uchun qanday imkoniyat va imtiyoz bor?
- Uyimga quyosh panellari o‘rnatmoqchiman. Uni o‘rnatish uchun qanday talablarga rioya qilish kerak?
Mo‘min Rashidov,
Ishtixon tumani.
- Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ancha samarali. Quyosh energiyasidan asosan ikki xil usulda foydalaniladi. Birinchisi – quyosh kollektori yordamida suv 150 darajagacha qizdiriladi, so‘ng binoni isitish yoki issiq suv ta’minotida foydalaniladi. Ikkinchi usul – quyosh energiyasidan elektr energiyasi olishda yarim o‘tkazgichli fotoelement – quyosh panellari (quyosh moduli)dan foydalaniladi. Panellarni quyosh nuri ko‘p tushadigan bino tomlariga o‘rnatish samarali hisoblanadi.
Panellar quyoshdan kelayotgan radiatsiyani elektr energiyasiga aylantiradi. Ko‘p miqdorda energiya olish uchun quyosh radiatsiyasi panel yuzasiga maksimal darajada tik tushishi lozim.
Respublikamizda aholi xonadonlariga kichik quvvatli, ya’ni umumiy quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha «Quyoshli xonadon» dasturi amalga oshirilmoqda. Siz uyingizga quyosh paneli o‘rnatish uchun ushbu dasturdan foydalansangiz, yutqazmaysiz. Ushbu dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt soatiga 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Savolga «Colar Energi Company» MChJ mutaxassisi Umid Uzoqov javob berdi.