O‘ttiz yildan buyon hal etilmayotgan meros mashmashasi

Hokimlik tomonidan chiqarilgan birgina noto‘g‘ri qaror, g‘ayriqonuniy farmoyish jabrini oddiy odamlar yillab tortishi, sarson bo‘lishi mumkinligini nafaqat fuqaro, mas’ullarning o‘zi ham yaxshi anglasa kerak. Afsuski, shunday hujjatlar hali-hamon bor. 

Mana, misol. Mustaqillikning dastlabki yillarida uy-joyga muhtoj bo‘lgan otam Boynazar Irisov tuman markaziy shifoxonasi tasarrufidagi eski poliklinika binosini ta’mirlab, turarjoyga aylantirish maqsadida, tuman hokimining 1993 yil 10 martdagi №46-Q sonli qaroriga binoan sotib olgan va shaxsiy mulkiga aylantirgan. Biroq o‘ta abgor holatdagi binoni ta’mirlash uchun qo‘li kaltalik qiladi.

Bu vaziyatdan foydalangan “Pichot” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi A.Sayfullayev sotib olingan uyni vaqtincha ma’muriy bino sifatida foydalanib turishga otamni ko‘ndiradi. Bu haqda biron-bir o‘zaro kelishuv bitimi yoki ijara shartnomasi tuzilmagan, rozilik xati ham yozilmagan.

Mamlakatimiz qonunchiligida mulk huquqining daxlsizligi belgilab qo‘yilgan. Bu qonunlarga orqa qilib, mulkingni tergab turmasang og‘zingdagi oshingni ham olib ketadigan olg‘irlar bor ekan.

Qo‘shrabot tumani hokimining birinchi o‘rinbosari T.Atayev 1994 yil 23 fevralda imzolagan “Tuman markazidagi davlat fondiga qarashli uy-joylarni imtiyozga ega bo‘lgan fuqarolarga shaxsiy mulk qilib berish to‘g‘risida”gi 57-sonli qarorga nazar solsangiz bunga ishonch hosil qilishingiz tayin. Mazkur qarorning mazmun-mohiyati sarlavhasidan ko‘rinib turibdi. Lekin uning bitta bandida tomdan tarasha tushgandek: “Fuqaro Irisov B.ga tegishli bo‘lgan bino “Pichot” mahalla qo‘mitasi joylashganligi munosabati bilan “Pichot” qishloq fuqarolar yig‘ini ixtiyoriga olinsin,” deya qistirib o‘tilgan.

Xo‘sh, bu qaysi quyushqonga sig‘adi? Qaysi qonun, qaysi nizomga to‘g‘ri keladi? Axir hokimlikka birovning mulkini birovga  in’om etish vakolati  berilmagan-ku. Mana shu qonunbuzulishga qarshi necha yillardan buyon kurashib kelyapmiz. Otam rahmatli adolatni ko‘rmay olamdan o‘tdi. Xususiylashtirilgan imorat bilan bog‘liq mashmashalar farzandlari - biz, merosxo‘rlarga qoldi.

Afsuski, bizning iddaomizni hech kim tinglamayapti. Sudga borsak “Meros guvohnomangiz yo‘q, meros ishi oching”, deb notarial idoraga yo‘llaydi. Notarius “Binoning kadastr hujjatini olib keling”, deydi. Kadastr idorasi esa hokimning yuqoridagi qarorini ro‘kach qiladi. Xullas, Otangga bor, onangga bor”, qabilidagi mashmashalardan juda charchadik.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan voqea hammasidan oshib tushdi: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi otamizdan meros bo‘lib qolgan Qo‘shrabot shaharchasi, Mustaqillik ko‘chasidagi 109-uyni, unda biz yashayotganimizni bila turib, auksion savdosiga chiqarib sotibdi. Bunga nima deysiz? Bitta qonunbuzilish ortidan ikkinchisi tug‘ilyapti-ku! Fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga mas’ul idoralardan yordam so‘rashdan o‘zga choramiz qolmayapti.

Ahmad Irisov,

Qo‘shrabot tumani.