Ko‘ldagi yoriq. Jumboq virus
1933 yilda Shotlandiyadagi Lox-Nessi ko‘lida g‘alati mavjudot haqida birinchi fotosurat paydo bo‘lgandi. Eh-he, vaqt o‘tsa-da u haqda qanchadan-qancha afsonalar tug‘ilmadi deysiz.
Biroq qancha vaqt o‘tsa-da jonivor sirligicha qolyapti. Uning bahaybat tanasi afsonaviy ajdarni, boshi esa otning boshini eslatadi. Tanasi uzunligi 4-5 metrga yetarkan. Xo‘sh, ko‘ldagi bu jonivor qayerdan paydo bo‘lgan? Nega boshqa suv havzalarida uchramaydi?
Taxminlar ko‘p, birovlar bu qachonlardir qirilib ketgan dinozavrlarning vakili, desa, kimdir uni ulkan suv iloni, deydi. Xullas, Lox-Nessi haqida (ko‘l nomi bilan jonivor shunday ataladi) hujjatli filmlar yaratildi.
1970 yilda suvosti surati olindi va antiqa maxluqning ulkan boshi, uzun bo‘yi tasvirga tushdi. Shunisi qiziqki, har bir suratda har xil jonivorlar aks etardi, ularning hammasi qadimgi turlarga oid. Yana taxminlar aytildi, shov-shuvlar kutarildi.
1997 yilda ko‘l tubida suvosti surat olindi va eni 9 metr, chuqurligi 300 metr bo‘lgan ulkan yoriq aniqlandi. Olimlar ko‘l tubidagi bu yoriq uni parallel olam suv havzalari bilan bog‘laydi, mavjudot u olamdan bu olamga o‘tib turadi, degan taxminni ilgari surmoqda. Lox-Nessi esa sirligicha qolmoqda.
***
2009 yilda Chilida yangi megavirus aniqlandi. U yer yuzidagi birorta virusga o‘xshamaydi va faqat suvda yashab ma’lum bir jonzotni zararlaydi, inson uchun xatarli emas.
Olimlarni hayratga solgani shuki, ko‘pchilik viruslar, hatto OITS, gripp va boshqa xavfli viruslar atigi 10 genga ega bo‘lsa, bu virusniki 2500 gendan ziyod. Pandoravirus deb atalayotgan ushbu virusning kelib chiqishi noma’lum.
Olimlar bu virus allaqachon sayyoramizdan yo‘qolib ketgan virus tipi bo‘lsa kerak, deb taxmin qilishmoqda.
T.Shomurodov tayyorladi.