Prezident: Bu yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘ladi

Ta’kidlanishicha, bundan buyon, sanoatda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari birinchi galda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va bozori bor mahsulotlar uchun beriladi.

Mas’ullarga 2024 yilda qo‘shilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, umuman, sanoatda 7 foiz o‘sishni ta’minlash bo‘yicha korxonabay chora-tadbir tasdiqlab, amalga oshirish topshirildi.

Shuningdek, yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trillion so‘mga, debitor qarzdorlikni 8 trillion so‘mga kamaytirish zarur.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligiga har oyda kamida 2 tadan tarmoqni tahlil qilib, qanday qilib tannarxni kamaytirish, qo‘shilgan qiymat va mehnat unumdorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini ko‘rsatib berish vazifasi qo‘yildi.

Umuman, joriy yilda iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning kamida 6 foiz o‘sishini ta’minlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi.