Prezident dolzarb masalalarga to‘xtaldi. Endi gap aytilganlarning ijrosini ta’minlashda

O‘zim pensionerman, ko‘p yillar qurilish sohasida ishlaganman. Shu bois davlatimiz rahbarining «Ilm yo‘q joyda to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi, ilm bizga havodek zarur, eng katta boylik aql-zakovat, eng katta qashshoqlik - bu bilimsizlikdir», degan gaplarini to‘la qo‘llab-quvvatlayman.

Chindan ham hozir ko‘plab sohalar qatori, qurilishda bilimi yetarli bo‘lmagan, uquvsiz ishchilar ko‘p. Bunday sharoitda faqat standart ishlarni amalga oshirish mumkin. Ilm-fansiz sohaga yangilik kiritib, taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi, rivojlangan davlatlar bilan bo‘ylasholmaymiz.

Ma’ruzada meni ta’sirlantirgan jihati, qaysi masalada bo‘lmasin, real haqiqat aytildi. Misol uchun, kambag‘al atamasi keyingi vaqtda umuman ishlatilmayotgandi. Prezident O‘zbekistonda shunday odamlar borligi, umuman, kambag‘allikni tugatish bo‘yicha yangicha ishlash haqida aniq yo‘nalishlarni aytib o‘tdi.

Umuman, ma’ruzada qariyb barcha sohalarda ishni mutlaqo yangicha tashkil qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Endi gap faqat ularni amalga oshirishda qoldi. Bu yo‘lda barchaga kuch-quvvat tilayman!

Suyunboy TILABOV,

Payariq tumani.