Prezident Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi

Agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgani qayd etildi.
Agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng ko‘p bo‘lgan tuman sog‘liqni saqlash, bandlik bo‘limi yoki bank filialiga borib, holatni o‘rganmagani, yangi zamonaviy tizim bo‘yicha taklif bermagani ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu sohalarning bevosita rahbarlarining o‘z tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlari sustligi tanqid qilindi.
Prezident topshirig‘i bilan investitsiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin o‘tgan yilni o‘zida 3 trillion so‘m iqtisod bo‘ldi. Yoki sog‘liqni saqlash tizimida “Situatsion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024 yilda 1,2 trillion so‘mlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olindi.
“Lekin, nega bu ishlar Prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?”,
- deya savol qo‘ydi davlatimiz rahbari.
Parlamentdagi byudjet qo‘mitalarida ham har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va o‘zgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani qayd etildi.