Prezident ma’ruzasining mazmun-mohiyati o‘rganildi
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining ma’ruzasida mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi, biz erishayotgan marralarning tub omillari aniq raqam, dalil va ko‘rsatkichlar asosida tahlil etilib, oldimizda turgan vazifalar belgilab berilganligi alohida ta’kidlandi.
– Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida Konstitutsiya hamda qonun talablariga og‘ishmay amal qilish ma’naviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shartligini aytib o‘tdi, – deydi O‘zMTDP markaziy kengashi raisi o‘rinbosari F.Muhamedjanova. – Darhaqiqat, yuksak ma’naviyat, huquqiy madaniyatga ega bo‘lish o‘zlikni anglashdan boshlanadi. Ana shunday tushuncha har bir insonning qalbidan joy olsa, havas qilsa arziydigan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hamda demokratik tamoyillarga ega buyuk davlatga erishamiz.
SAYYoR QABUL: O‘ShLARNI EShITAMIZ...
O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi "Yoshlar qanoti" va "Ayollar qanoti" hamkorligida Samarqand shahridagi Yuksalish mahallasida uyushmagan yoshlar bilan sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda fuqaro Nigina Salohiddinova qaramog‘ida 2 nafar farzandi borligini, hozirda qaynonasi uydan haydab yuborganligi sababli akasining uyida yashab kelayotganligini ma’lum qildi. Oilaviy sharoiti og‘irligi, katta qizi nogironligi sababli ishlash uchun imkoniyati yo‘qligi, alohida uy-joy bilan ta’minlanishida amaliy ko‘mak so‘rab murojaat qildi.
Samarqand Temiryo‘l transport kasb-hunar kolleji 3-bosqich o‘quvchisi Jahongir Yunusov Samarqand shahridagi 49-maktabning sport zalining isitish tizimi bilan ta’minlanmaganligi hamda sport anjomlari yetishmasligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, fuqaro Jasur Yunusov Vatanparvar mahallasida joylashgan "Temurbeklar maktabi"da milliy sport turi bo‘lgan o‘zbek jang san’ati to‘garagini tashkil etishda amaliy yordam so‘radi.
Murojaatlar tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganilib, muammolarni ijobiy hal etishga kelishib olindi.
Shuningdek, uyushmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasbga yo‘naltirish va ishga joylashtirish masalalari ham muhokama etildi.