Prezident respublika darajasidagi bir qator mutasaddilarni ham ishdan oldi

Bundan to‘rt yil avval “Toshkent-Samarqand”, “Toshkent-Andijon” pullik yo‘llari va “Taxtaqoracha” dovonida pullik tonnel qurish topshiriqlari berilgan. Lekin na loyiha qilish, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagan.

Bugungi kunda temir yo‘lda 2,5 mingta yuk vagoni yetishmasligi, mavjud vagonlarning 3,5 mingtasi esa ta’mirtalabligiga qaramay, ularni ko‘paytirish, yo‘llarni modernizatsiya qilish uchun bor-yo‘g‘i 16 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirgan.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi o‘tgan yilga nisbatan “O‘zavtosanoat”da 47 foizga, to‘qimachilikda 43 foizga, qurilish materiallarida 31 foizga kamaygan.

Shu bois, investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari B.Kamalov, transport vaziri o‘rinbosari A.Mo‘minov, “Suvta’minot” rahbari S.Saifnazarov, “Temir yo‘l” rahbari X.Xosilov va “Avtoyo‘l” rahbari A.Abduvaliyev lavozimidan ozod etildi.

“O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi raisi I.Haydarov, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi B.Jo‘rayev, “O‘zsanoatqurilishbank” raisi S.Annaklichevga “hayfsan” e’lon qilindi.