Prezident respublikaning qolgan hududlarida ham ahvol yomonligini tanqid qildi: Samarqand viloyatidan ham ikki hudud sanab o‘tildi
Ayniqsa, Zangiota, Toshkent, Buloqboshi, Xo‘jaobod, Uchqo‘rg‘on, Koson, Karmana, Qamashi, Shofirkon, Xo‘jayli, Denov, Sharof Rashidov, Past Darg‘om, Farg‘ona, Paxtabod, Hazorasp tumanlari hamda Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Guliston, Chirchiq shaharlari hokimlari mas’uliyatni his qilmasdan, bir oy oldingi sovuq kunlardan hech qanday xulosa chiqarmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev qat’iy ogohlantirildi, Chirchiq shahar hokimiga “hayfsan” berildi.
Bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning eng katta vazifasi – elektr va gaz tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlab berish. Lekin tegishli sohalar mutasaddilari buni uddalay olmayapti.
Shu munosabat bilan energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev lavozimidan ozod etildi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" rahbari Mustafoyev, "Uztransgaz" rahbari Normatov va "O‘zbekneftgaz" rahbari Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.
Agar tarmoq korxonalarining ayrim moliyaviy masalalari vaqtida yechib berilganda, daromadlarining bir qismi investitsiya qilinib, tarmoqlarni yangilashga yo‘naltirganda vaziyat bunchalik og‘ir bo‘lmas edi, deb ta’kidlandi yig‘ilishda.
Bu masalada ham mas’ullar e’tiborsizlik qilgani tanqid qilindi.
Endi butunlay boshqacha tizim bo‘lishi – strategik korxonalar Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilishi belgilandi.