Prezident sovg‘asi – Samarqand shahri o‘quvchilarida

Mazkur sport musobaqalarining bu galgi quyi bosqichlari ham viloyatda uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. 2017-2018 yillar davomida viloyatdagi 1200 ta umumta’lim maktabining 474 ming nafardan ortiq o‘quvchilari bellashuvlarda o‘z mahoratini namoyon etdilar.

Musobaqaning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 3500 nafardan ko‘proq o‘quvchilar, jumladan, 1200 nafar qizlar joriy yilning mart oyida viloyat bosqichida 21 sport turi bo‘yicha o‘z iqtidori va g‘alabaga intilishini ko‘rsatishdi. Qizg‘in kurashlarga boy bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Samarqand shahri vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladilar. Ikkinchi o‘rin Urgut tumani, uchinchi o‘rin Bulung‘ur tumani jamoalariga nasib etdi.

Tantanali marosimda musobaqa g‘olibi – Samarqand shahri jamoasiga Prezident sovg‘asi – "Damas" avtomashinasi topshirildi. Urgut va bulung‘urlik sportchi-o‘quvchilar ham "Umid nihollari"  kubogi, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan   taqdirlandilar.

Tadbirda samarqandlik sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, shuningdek, taniqli san’atkorlar va iste’dodli yoshlarning konsert dasturi namoyish etildi.

Marosimda viloyat hokimining o‘rinbosari    R.Qobilov co‘zga chiqdi.

Baxtiyor MUSTANOV.