Prezident Urgut va Narpay tumanlarida aholini go‘sht bilan ta’minlash darajasi past ekaniga e’tibor qaratdi

Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2019-2021 yillarda:

- chorvachilik bo‘yicha 8 turdagi subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yildi;

- chorvachilikka 15 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratilib, 4,5 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi;

- naslchilik xo‘jaliklari soni 3 baravarga ko‘payib, 1 ming 414 taga yetdi;

- chorva mollari soni 1,2 millionga ko‘paydi.

Lekin, respublika bo‘yicha har 2 kishiga o‘rtacha 1 ta qoramol to‘g‘ri kelsa, bu ko‘rsatkich Namangan, Farg‘onada 4 kishiga 1 ta, Toshkent viloyati va Surxondaryoda 3 kishiga 1 tani tashkil etmoqda.

Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan va Surxondaryoda yirik chorvachilik xo‘jaliklarining soni qolgan hududlarga nisbatan 1,5-2 baravar kam.

Chortoq, Narpay, Urgut, Oltinsoy, O‘rtachirchiq va Urganch tumanlarida aholini go‘sht bilan ta’minlash darajasi 40 foizga yetmasada, ushbu tuman hokimlari 2022 yilda aniq loyihalarni ishga tushirishni reja qilmagan.

Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda o‘zgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘i berildi.