Prezident videoselektor yig‘ilishiga mahalla raislari nega taklif etildi?
Prezident raisligida 18 iyulda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga mahalla raislari, xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari qatnashishi talab etildi.To‘rt soatdan ko‘proq vaqtim ketganidan afsuslanmayman. Ammo achinarlisi shu bo‘ldiki, Samarqand shahridagi Konsert zalida yig‘ilganlarning bir qismi nega ular taklif etilganligi, yig‘ilishda nimalar haqida gapirilganligini anglamadi, vaqtini behuda o‘tkazdi.
Nega deysizmi? Men birinchi qatorda o‘tirganim bois videokamera yordamida olingan va yig‘ilish qatnashchilari uxlayotgani ko‘rsatilgan tasvirlar shahar rahbariyatiga kelib turganini ko‘rdim. Ayrimlar gaplashib ham o‘tirdi. Orqa qatorlardan xotin-qizlar faollarining o‘zaro gap-so‘zlari, kolbasa-yu sosiska va boshqa yeguliklar haqidagi bahslari quloqqa chalinib turdi.
Yig‘ilish tugagach, shahar hokimi Fazliddin Umarov bunday jiddiy muammo ko‘rib chiqilayotgan yig‘ilishda uxlash yoki gaplashib o‘tirish odamga yarashmasligini, shuncha vaqt sarflagandan so‘ng tadbirdan nimadir olish, yangilik va muammolar yechimi haqida mahallalarda aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish lozimligi haqida qisqacha o‘z xulosalarini bildirdi.
Buni qarangki, shu vaqtda ham zalda gaplashib yoki kulib o‘tirganlar bo‘ldi. Buning uchun hokim xotin-qizlar faollaridan biriga tanbeh berishga ulgurmasdan boshqa bir mahallaning yoshlar yetakchisini kulib o‘tirgani uchun o‘rnidan turg‘izib, zaldan chiqarib yuborishga majbur bo‘ldi.
Bu – shu kunlardagi ayrim mahalla raislari, xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilarining saviyasi va madaniyat darajasini ko‘rsatib turibdi. Gap shundaki, yig‘ilishda mahalla xodimlari uchun foydali gaplar ko‘p bo‘ldi. Men o‘zim undan nima oldim? Nega yig‘ilish biz uchun foydali bo‘ldi?
Keyingi paytda dunyoda oziq-ovqat tanqisligi muammosi kuchayib borayotganligi davlatimiz tomonidan tahlil qilinayotganligi va muammoni yechish uchun harakat qilinayotganligiga guvoh bo‘ldim.
Bizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanishi bois narxlar o‘sib borayotgan bir sharoitda ushbu daromad manbai topish va uni ko‘paytirish yo‘llari izlanmoqda.
Oziq-ovqat tanqisligi bilan bog‘liq xavf-xatarlarning aholimizga ta’sirini yumshatish bo‘yicha har bir mahalla, tuman, viloyat darajasida aniq hisob-kitob va chora-tadbirlar qilinishi kerakligini uqtirib, davlatimiz rahbari “buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berganmiz”, dedi.
Sh.Mirziyoyev “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga yer berib, ularni daftardan chiqarish xatoligi, ular kamida bir yil "daftar"larda turishi, yerdan foydalanib, daromad olganidan keyin "daftar"dan chiqarish kerakligini ta’kidladi. Bu topshiriqning mahalla xodimlari uchun muhimligi shundaki, sektorlar muhtoj oilalarga bir martalik yordam ko‘rsatib, ularni daftardan chiqarishni talab qilayotgan edi. Endi bu holat o‘zgarsa kerak?
Videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, bundan buyon yig‘ilish va qarorlarni kamaytirib, ijro va aholi muammolari bo‘yicha ishlaydigan tizim yaratiladi. “Oldimizda hali eng qiyin va og‘ir islohotlar turibdi. Hamma o‘zgarishi kerak, ish uslublarini ham o‘zgartirishi kerak”, dedi Prezident.
Endi Xalq qabulxonalari ishi ham tubdan o‘zgaradigan bo‘ldi. Barcha murojaatlarni mahallalarga chiqib tinglash va joyida hal qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbarining balandparvoz gaplar, maqtovlar kerak emas, muammolar haqida gapiringlar deb uqtirishiga qaramasdan, ayrim hokimu vazirlar eski kasalidan qutula olmasdan maqtov so‘zlarini ham ishlatdi, ulardan biri chiqishining har jumlasida “muhtaram prezident” deyishdan o‘zini tiyolmadi. Masalan, chiqishida 20 ta jumla ishlatgan bo‘lsa, shuncha marta ana shu so‘zni takrorladi.
Prezidentning yig‘ilish oxirida aytgan so‘zlaridan xulosa qiladigan bo‘lsak, oldinda bizni katta o‘zgarishlar kutmoqda.
Toshpo‘lat Rahmatullayev.