Prezident yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta hujjatni imzoladi
![](https://static.zarnews.uz/crop/9/e/720__80_9e02de29005e522110793ed15a476822.jpg?img=self&v=1739526582)
Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi.
Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Bugungi kunda oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yoshlar mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalmoqda. Shu bois, ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi.
Bank Oliy ta’lim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.
Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.
Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi. Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.
Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.
“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.