Prezidentdan najot kutgan samarqandlik tadbirkor murojaatiga Oliy sud munosabat bildirdi

Internet nashrlarida “Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov sabab 12 yilga qamalgan samarqandlik tadbirkor Prezidentdan najot kutmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2017 yil 3 fevral kunidagi hukmiga ko‘ra, Sherzod Burxanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a”, “v” bandlari, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 28, 211-moddasi (pora berishda ishtirok etish) 3-qismi “a” bandi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59- (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61- (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida uzil-kesil eng kam oylik ish haqining 450 baravari, ya’ni 58 608 000 so‘m miqdorida jarima va 12 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Sh.Burxanovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarorining 6-bandi “b” kichik bandi tatbiq etilib, jazoning amnistiya akti chiqqan kunga qadar amalda o‘talgan muddati chegirib tashlanib, qolgan jazosi to‘rtdan bir qismiga qisqartirilgan.

Sh.Burxanov va uning himoyachilari tomonidan keltirilgan kassatsiya tartibidagi shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, ushbu sudning 2017 yil 23 maydagi ajrimiga ko‘ra qanoatlantirilmasdan va jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2017 yil 3 fevral kunidagi hukmining Sh. Burxanovga oid qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2018 yil 16 avgustdagi ajrimi bilan Sh.Burxanovga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2017 yil 3 fevraldagi hukmi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2017 yil 23 maydagi ajrimi o‘zgartirilib, uning harakati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 189-moddasidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilinib, qonunga muvofiqlashtirilib, tayinlangan eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdoridagi 45 584 000 so‘m jarima jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Sh.Burxanovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Sh.Burxanovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari, 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi, 243-moddasi bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilib, Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolar qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil eng kam oylik  ish haqining 450 baravari miqdorida 58 608 000 so‘m jarima, 11 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Sud qarorlarining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Bundan tashqari, Sh.Burxanovning himoyachisi O.Muxtorova O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi qabulida topshirgan shikoyati jinoyat ishi materiallari asosida o‘rganib chiqilib, unga 2019 yil 7 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan 13-5680-17 raqamli javob xati bilan berilgan shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilganligi haqida ma’lum qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.