Prezidentning yangi kitobi: “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston”

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan yangi kitobida O‘zbekistonning bugungi yangi qiyofasi, mamlakatimizning jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni va mavqei keng yoritilgan.

Shuningdek, mamlakatimizning muhim xalqaro ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki, dolzarb masalalar bo‘yicha ilgari surayotgan ko‘plab tashabbuslarining mazmun-mohiyati ushbu keng qamrovli, fundamental asarda chuqur tahlil va dalillar, aniq fikr-mulohazalar asosida teran yoritib berilgan.

Kitob quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi:

“Tarix sinovlaridan o‘tgan haqiqat shuki, o‘zini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir.

Bunday xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham o‘zgartira oladi, ko‘zlagan murod-maqsadlariga albatta erishadi.

Men ana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning qalbidagi ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida xizmat qilishni o‘zim uchun ulkan sharaf va mas’uliyat deb bilaman”.